Bulungʻurda 1030 ta xonadonga moʻljallangan 53 ta koʻp qavatli turarjoy binolari quriladi

13:02 14 Dekabr 2021 Jamiyat
689 0

Xalq deputatlari Bulungʻur tumani Kengashining 48-sessiyasida sektor rahbarlari, deputatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada tuman hokimi Bahodir Bahromovning Bulungʻur tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar yakunlari hamda 2022-yilgi vazifalar yuzasidan tuman aholisiga murojaati tinglandi.

Yil yakunlariga bagʻishlangan murojaatda eng muhim jihat — aholini ish bilan taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirishga keng oʻrin berilgan.

Xususan, bugungi kunda tumanda 11 oy yakuni bilan 398 ta yangi kichik biznes subyekti tashkil etilib, besh yuzdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilgan. Tijorat banklari tomonidan 2021-yilda aholining bandligini taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy dasturlarga jami 34 milliard 338 million soʻm imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Tumanda aholini ish bilan taʼminlash dasturi boʻyicha yil davomida 3 ming 638 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlangan. 73 ta hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 511 ta, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hisobiga 145 ta, yangi kichik korxona va mikrofirmalar tashkil etish hisobiga 1194 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

Tumanda aholini doimiy turarjoy bilan taʼminlash maqsadida zamonaviy massivlar bunyod etilyapti. Tumanning Olmazor mahallasidagi Gʻoʻbdin massividan beshta 5 qavatli 100 ta xonadonli turarjoy binolari qurilishi uchun 16 milliard 161 million soʻm mablagʻ ajratilgan.

2022 — 2024-yillarda 53 ta besh qavatli 1030 ta xonadonga moʻljallangan turarjoy binolari qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu massivda uchta maktabgacha taʼlim muassasasi, ikkita umumtaʼlim maktabi, 110 oʻrinli mehmonxona, istirohat bogʻi, poliklinika, 5 ta sport kompleksi, kovorking markazi, jome masjid hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari quriladi.

Albatta, ushbu yangi shaharcha tuman aholisining turarjoyga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishda muhim oʻrin tutadi, qolaversa, bu hududda yangi ish oʻrinlariga imkoniyat yaratadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер