Buxorolik xalq amaliy sanʼati ustalari Fransiyada oʻz mahoratini namoyish etadi

14:58 02 Fevral 2024 Jamiyat
492 0

Fransiyaning Verden-syur-Garona shahrida shu yilning 6 – 11-fevral kunlari “Oʻzbekiston boyligi. Buyuk ipak yoʻlida” deb nomlangan oʻzbek madaniyati festivali oʻtkaziladi. Ushbu mamlakatda faoliyat yuritayotgan “MAKOSH” assotsiatsiyasi tomonidan Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi qoʻllab-quvvatlashi va Verden-syur-Garona shahri meriyasi hamda ijodiyot uyi hamkorligida tashkil etilayotgan tadbirda bir guruh buxoroliklarning qatnashishi koʻzda tutilgan.

Ular orasida Buxoro shahridagi “Abru bahor” tasviriy sanʼat markazi rahbari, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Rahim Hakimov, dizayner Nargiza Maʼrupova, kandakor Islom Muhsinov, zargar Shodmon Saidmurodov, “Pilgrim travel” sayyohlik agentligi taʼsischisi Akmal Rahmonovlarni koʻrish mumkin.

— Fransiyalik sanʼat ixlosmandlaridan sanalgan Anna Karo ustaxonamizda boʻlib, ijodiy ishlarimiz bilan yaqindan tanishgan edi, — deydi rassom Rahim Hakimov. — Mehmonga ayniqsa, “Abroʻ bahor” sanʼatining yangi zamonaviy yoʻnalishidagi asarlarim katta taassurot qoldirdi. U Fransiyada oʻtadigan ushbu festivalga boshqalar qatori meni ham taklif etdi. Bu tadbirga alohida tayyorgarlik koʻrdim. “Abroʻ bahor” uslubidagi 70 ta asarimni olib borayapman. “Samoviy raqs”, “Koʻprik”, “Kuy, ғазал...” kabi kartinalar shular jumlasidan.

— Festival dasturiga koʻra, Verden-syur-Garona shahri maʼmuriyati bilan uchrashuv tashkil etiladi, — deydi festival qatnashchilaridan biri, “Ipak yoʻlidagi karvonsaroylar” fransuz assotsiatsiyasining Buxorodagi filiali direktori oʻrinbosari Irina Mavlanova. — Oʻzbekistonning boy madaniy -maʼnaviy merosi, turistik salohiyati taqdimoti oʻtkaziladi. Buxorolik xalq amaliy sanʼati ustalarining ijodiy ishlari savdo-koʻrgazmasi, modalar namoyishi uyushtiriladi. Muloqotlar tashkil qilinadi. Oʻzbek milliy taomlari, xususan, palov va choydan tatib koʻrish marosimi oʻtkaziladi.

Tabiiyki, buxorolik mehmonlarga mezbonlar maxsus madaniy dastur ham tayyorlashgan. Unga koʻra, yurtdoshlarimiz uchun pishloq tatib koʻrish marosimi uyushtiriladi. Ular Tuluza shahridan 40 kilometr olisda joylashgan, qadimiy goʻsha — Verden-syur-Garonaning diqqatga sazovor joylarini tomosha qiladilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер