Buxorolik hamshiralar xorijda malaka oshirish imkoniga ega boʻlmoqda

14:50 17 Fevral 2023 Jamiyat
618 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumotlarga qaraganda, Buxoro viloyat tibbiyot tizimida faoliyat olib borayotgan oʻrta maxsus tibbiyot xodimlari soni 25 ming nafar atrofida. Ularning oʻz kasb malakalarini oshirib borishi esa tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Negaki, kasbiga mehr qoʻygan, bilimli, xushmuomala, taʼbir joiz boʻlsa, zamonaviy tibbiyotning qanday nafas olayotganidan yaxshi xabardor hamshira bemor dardini ikki, ehtimolki, uch – toʻrt chandon yengillashtira oladi.

— Hamshiralarimiz orasida oʻqib, izlanib, oliy maʼlumot egasi boʻlayotganlari oz emas, — deydi Buxoro viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Maʼmuraxon Safoyeva. — Eʼtiborlisi, ularning nafaqat yurtimizdagi yetakchi klinika va shifoxonalarda, balki xorijda ham malaka oshirishlari uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. Masalan, oʻrta tibbiyot xodimlarimizning 50 nafari Isroil davlatining “Mashav” loyihasi doirasida ushbu mamlakatdagi ilgʻor tibbiyot muassasalarida boʻlib, bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashdi. Turkiya, Rossiya, Qozogʻistonda boʻlib, oʻzaro tajriba almashgan oʻrta maxsus tibbiyot xodimlarimiz bor.

Endilikda bu yoʻnalishda hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan davlatlar qatoriga Germaniya ham qoʻshilmoqda. Gap shundaki, kuni kecha mazkur mamlakatning “Median” tibbiyot klinikalari uyushmasi masʼullari Buxoroda boʻlib, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi oʻrta tibbiyot xodimlari bilan yuzma – yuz muloqot qildilar. Ular joylarga chiqib, soha xodimlarining ish faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tabiiyki, hamshiralar Germaniya tibbiyoti, soha xodimlarining ish uslubi, yaratilgan imkoniyatlar xususida tushunchaga ega boʻldilar. Mehmonlar oʻzaro tajriba almashuvni yoʻlga qoʻyishga tayyorliklarini bildirishdi.

Istam IBROHIMOV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер