Buxoroda professional taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun 14 ming 600 dan ziyod abituriyent test sinovidan o‘tdi
Foto: “Xalq so‘zi”
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Buxoroda ham professional taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari o‘tkazildi.
-Mazkur muassasalarning kunduzgi taʼlim yo‘nalishida o‘qish istagidagi abituriyentlarning 14 ming 600 nafardan ziyodi test sinovlarini topshirdi,- deydi Davlat Test markazi Buxoro viloyat bo‘limi boshlig‘i Neʼmat Sevinchev.- Bu jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rilgani, xususan, abituriyentlar onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilgani, ular test sinovlariga shaxsni identifikatsiya qilish kameralari orqali kiritilgani, markaz xodimlari bilan birga oliy o‘quv yurtlaridan saralangan 70 nafarga yaqin guruh nazoratchilari jalb etilganini alohida taʼkidlamoqchiman. Qolaversa, jarayon 24 ta kuzatuv kamerasi orqali nazorat qilib borildi.
-Test sinovlari shaffof o‘tdi, degan fikrdaman,- deydi o‘zini Abrorjon Shamsiyev deb tanishtirgan abituriyentlardan biri.- Bunga shaxsan o‘zim shohid bo‘ldim. Men Vobkent tumani markazida yashayman. Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan ustaxonam bor.Bu yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalarimni yana-da mustahkamlash, tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirish niyatidaman. Shu maqsadda Vobkent sanoat va transport texnikumiga o‘qishga kirish uchun test sinovlarini topshirdim.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring