Buxoroda xalqaro forum boshlandi

10:01 23 Iyun 2021 Jamiyat
1042 0

Buxoro shahridagi “Sahid Zarafshon” mehmonxonasining muhtasham zalida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik masalalariga bagʻishlangan xalqaro forum boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining mamlakatimizdagi tuzilmalari hamkorligida tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbirda dunyoning koʻplab mamlakatlari parlamentlari aʼzolari, fuqarolik institutlari, davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Forumning tantanali ochilish marosimida nafaqat mintaqamiz, balki dunyo parlamentarizmi tarixida birinchi bor oʻtkazilayotgan bu forumning ahamiyati va undan koʻzlangan maqsadlar haqida soʻz yuritildi. Parlamentlarning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi barcha saʼy – harakatlarini birlashtirish, oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va mustahkamlash, bu jarayonga fuqarolik institutlarini ham keng jalb qilish zarurligi taʼkidlandi.

- Men avvalo nafaqat Oʻzbekistonda, balki dunyoda ilk bor oʻtkazilayotgan shunday forum tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirmoqchiman, deydi tadbir ishtirokchisi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining maxsus vakili Reynxold Lopatka. - Negaki, konferensiyada butun insoniyatni tashvishlantirayotgan, oʻylantirayotgan global masalalar muhokama qilinayapti. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekistonda Prezident Sh. Mirziyoyev tashabbusi bilan iqtisodiy – ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar alohida eʼtirofga loyiq. Bugun mamlakatingiz ulkan yangilanishlar jarayonini boshdan kechirayapti. Odamlarning oʻz hayotlaridan rozi boʻlib yashashlari yoʻlida katta ishlar bajarilmoqda.Bu ishlar Barqaror rivojlanish maqsadlari roʻyobiga xizmat qiladi.

Aytish joizki, xalqaro forumda BRMning samarali bajarilishini taʼminlashda parlamentning roli, ushbu maqsadlarni amalga oshirishga oid tadbirlarni moliyalashtirish, dunyo parlamentlari oʻrtasida xalqaro muloqot va global hamkorlikni rivojlantirish kabi qator masalalar atroflicha tahlil qilinadi.

Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi T. Norboyeva ishtirok etdi.

Ikki kun davom etadigan xalqaro forum yakunida Buxoro deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilyapti.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер