Buxoroda boʻlib oʻtgan xalqaro davra suhbatida qanday fikrlar oʻrtaga tashlandi?

16:45 31 Mart 2023 Jamiyat
648 0

Foto: Халқ сўзи

Buxoro shahrida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan “Konstitutsion islohot ustuvorliklari: Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” mavzusida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Aholiga davlatimizning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi oʻzgaruvchan rolini, uning ijtimoiy sohani boshqarishdagi vazifalari va masʼuliyatini atroflicha tushuntirish, shuningdek, ijtimoiy davlatning oʻzbek modelini, uning shakllanishi va keyingi rivojlanish xususiyatlarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi masʼul xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV vakillari, ilmiy va taʼlim muassasalari ekspertlari ishtirok etdi.

Davra suhbati moderatori, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori O.Hakimov tadbirda soʻzga chiqib, Oʻzbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish yoʻlidan dadil ketayotganini taʼkidladi, “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilini konstitutsiyaviy norma sifatida belgilanishi haqida maʼlumot berdi.

Zero,yangilanayotgan Konstitutsiyaga koʻra, “Oʻzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”dir. Boshqacha aytganda, mamlakatimiz tarixida birinchi marta Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekanligi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanadi.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish va bu maqomni Konstitutsiyada mustahkamlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Muhimi, mamlakat iqtisodiyoti rivojlanmoqda. Bu esa ijtimoiy vazifalarni hal etishga koʻproq mablagʻ ajratishga imkon bermoqda. Agar 2018-yilda mamlakatning ijtimoiy siyosatga sarflangan xarajatlari 35 trln soʻmni, 2019-yilda 61,3 trln soʻmni, 2020-yilda 74,2 trln soʻmni, 2021-yilda 85,3 trln soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda uning miqdori 105,5 trln soʻmdan oshdi. Bu esa keyingi besh yilda ijtimoiy siyosatni izchil kuchaytirish imkonini berdi.

Maʼlum boʻlishicha, Buxoro viloyatida ham ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha katta marralar belgilab olingan.

— Keyingi besh yillikda 1594 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish hisobiga 3-6 yoshgacha boʻlgan farzandlarimiz maktabgacha taʼlim bilan toʻliq qamrab olinadi, — dedi davra suhbatida soʻz olgan viloyat hokimi B. Zaripov. — 37 yangi maktab quriladi, 130 tasi rekonstruksiya qilinadi,102 tasi esa mukammal taʼmirlanadi. Har bir tumanda kamida bittadan zamonaviy xususiy maktab tashkil etish uchun sharoitlar yaratiladi.

Sogʻliqni saqlash sohasida 11ta tibbiyot muassasasi yangidan quriladi, 89 tasi rekonstruksiya qilinadi va 12 tasi mukammal taʼmirlanadi. 193 ta xususiy klinika ish boshlashi evaziga bu tizimdagi koyka oʻrinlari soni 2412 tadan 4315 taga yetkaziladi. Aholini ijtimoiy himoya qilish, bandlik kabi yoʻnalishlarda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Deylik, joriy yilning I chorak yakunlari boʻyicha viloyatdagi 544 ta mahallaning kamida 120 tasini ishsizlikdan holi hududga aylantirish moʻljallangan.

Konstitutsiyaning yangi tahriridagi taklif etilayotgan normalarning yarmidan koʻpi inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Muhokama davomida ishtirokchilar, ekspert olimlar, oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, talabalar, fuqarolik jamiyati vakillari, OAV vakillari oʻzaro muloqotga kirishdilar, koʻpchilikni qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Eng muhim takliflar qatorida ushbu konstitutsiyaviy normaning mustahkamlanishi davlat va jamiyat oldiga hali bajarilishi kerak boʻlgan jiddiy vazifalarni qoʻyayotganiga eʼtibor qaratildi. Shunday qilib, bilimli va sogʻlom avlod mamlakatni va islohotlarni olgʻa suruvchi asosiy kuch ekanligini hisobga olsak, hozirgi kunda asosiy eʼtibor sifatga qaratilishi kerak, deya xulosa qildi ekspertlar.

Ishtirokchilar davra suhbati yakunida “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilining boʻlajak referendumda konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlanishi mamlakatimiz uchun eng muhim siyosiy voqea boʻlishini taʼkidladilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер