Buxoro tumanidagi xonadonlarda issiqxonalar soni 1 ming 900 taga yetdi

14:43 03 Mart 2025 Jamiyat
216 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Issiqxona nafaqat oila uchun qoʻshimcha daromad manbai, balki kishiga zavq-u shavq, huzur bagʻishlaydigan goʻshadir. Buxoro tumani “Istiqbol” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Quyi Kobdin qishlogʻida yashovchi Amin Yarashev shunday deb hisoblaydi.

— Tomorqada ishlaganimda oʻzimni qushdek yengil his etaman, — deydi u. — Qolaversa, dasturxonda oʻz qoʻling bilan yetishtirgan noz-neʼmatlar turganiga nima yetsin?

Amin aka mana, 25 yildirki, 10 sotixdan iborat tomorqasini gulday yashnatib, mahalladoshlariga oʻrnak boʻlib kelyapti. Hozir issiqxonasida 400 tupdan ziyod bodring koʻchati parvarish qilinmoqda. Bir tomonda esa pomidor hosilga kiryapti. Kokos qipigʻida yetishtirilayotgan qulupnayni aytmaysizmi? Oilaning issiqxona xoʻjaligi bu xonadonda voyaga yetayotgan oʻgʻil-qizlar uchun oʻziga xos oʻquv amaliyoti maskani vazifasini ham oʻtyapti. Ular ota qavatiga kirib, yerdan qishin-yozin foydalanish sirlarini oʻrganishmoqda.

Amin Yarashevga oʻxshab tomorqaning qadriga yetadigan dehqonlar tajribasini ommalashtirish durust natija berayotir. Maʼlumotlarga qaraganda, bundan besh-olti yil muqaddam tumanda aholi xonadonlaridagi issiqxonalar soni 90-100 ta atrofida boʻlgan. Bugungi kunga kelib esa ikki sotixdan 10 sotixgacha boʻlgan issiqxonalar miqdori 1 ming 900 taga yetdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер