Buxoro shahrida 1,28 gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi
Foto: Illustrativ foto
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-avgustdagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʻl qoʻymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmoni bilan mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini toʻliq joriy etishga toʻsqinlik qiluvchi bir qator tartiblar, talablar va cheklovlar bekor qilindi.
Shuningdek, yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish borasida ham tegishli ishlar olib borilmoqda.
Bu oʻrinda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida«gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi qarorini eslashning oʻzi kifoya. Shu qaror asosida Buxoro viloyati shaharlari va tumanlarida 637,5 gektardan iborat boʻlgan 5449 ta yer ochiq auksion savdolariga chiqarildi. 814 ta yer maydoni auksion savdolari orqali realizatsiya qilindi. Bu 67,5 gektarni tashkil qiladi.
Oʻzboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy bino va inshootlarni bartaraf etishga doir ijro hujjatlari ijrosini taʼminlash masalalariga bagʻishlab Buxoroda oʻtkazilgan matbuot anjumanida mazkur dalillarga jurnalistlar eʼtibori qaratildi.
Viloyat hokimi oʻrinbosari J. Arashovning taʼkidlashicha, afsuski, ayrim jismoniy va yuridik shaxslar yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan egallab, qurilish ishlarini olib borishmoqda. Shaharsozlik talablarini qoʻpol ravishda buzishyapti.
Tahlillarga koʻra, birgina Buxoro shahri hududida joriy yilning 9 oyi davomida jismoniy shaxslar tomonidan 98 ta holatda 1,28 gektar yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlangan. Shaharda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan yerni oʻzboshimchalik bilan tasarruf etish ikki baravarga oshgan.
Tabiiyki, bu kabi noqonuniy harakatlar payini qirqish choralari koʻrilmoqda. Aniqlangan qonunbuzilishlarning 6 tasida oʻzboshimchalik bilan egallangan yer maydonlari dastlabki holatiga qaytarildi. 92 ta ish boʻyicha sudlarga daʼvo arizalari kiritildi. Shundan 61 ta holatda daʼvo arizalar qanoatlantirildi.
Tadbirda yana bir dalil tilga olindi. Aniqlanishicha, Buxoro shahrida joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida baʼzi jismoniy va yuridik shaxslar oʻzlariga tegishli boʻlgan yer maydonlarida 44 ta holatda shaharsozlik talablarini qoʻpol ravishda buzib, qurilish ishlarini bajarishgan. Mazkur obyektlar amaldagi talablarga rioya etilmaganligi, mazkur binodan foydalanuvchilarning hayotini xavfga qoʻyishi sababli ularni bartaraf etish maqsadida sud organlariga daʼvo arizalari kiritildi.
Hozirda, vakolatli organlarning oʻzboshimchalik bilan egallagan yer maydonlarini qaytarish hamda noqonuniy qurilgan bino va inshootlarni bartaraf etish boʻyicha daʼvo arizalarining 74 tasi (13 ta turar, 61 ta noturar) da majburiy ijro etishga qaratilgan. Bugungi kunda ularni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida OAV xodimlari umummilliy boyligimiz sanalgan yerdan toʻgʻri foydalanish, bunda qonunchilik talablariga rioya etish bilan bogʻliq savollariga atroflicha javob oldilar.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring