Bugun suvning har qatrasi qadrli
Foto: Illustrativ foto
Suvning har qatrasini ham behuda sarf etmaslik, xususan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslaridan oqilona foydalanish hayotiy zaruratga aylanganini ortiqcha izohlash shart emas. Global iqlim oʻzgarishlari, suv tanqisligining nainki mintaqamiz, balki dunyo miqyosida dolzarb muammolardan biri ekanini koʻrib, bilib turibmiz. Zotan, suv tiriklik manbai, tabiatning bebaho inʼomidir.
Biroq mana shu haqiqatni bilsada, suv uvolidan qoʻrqmay, isrofgarchilikka, aniqroq aytganda, qonun buzilishlarga yoʻl qoʻyayotgan kimsalar ham yoʻq emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Paxtakor tuman boʻlimi tomonidan shu yilning birinchi choragida suv isrofgarchiligi boʻyicha aniqlangan 164 ta qonun buzilishi holatlari soʻzimizni tasdiqlaydi. Oʻtgan vaqt davomida 133 ta nazorat tadbirlari olib borilib, shundan 27 tasi tekshirish va 106 tasi monitoring tarzida oʻtkazilgan.
— Aniqlangan qonun buzilishlar yuzasidan 20 nafar jismoniy shaxsga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularga nisbatan 5 million 400 ming soʻmlik jarima jazo choralari qoʻllanilgan, — deydi inspeksiyaning Paxtakor tuman boʻlimi katta inspektori Oybek Tojaliyev. — Shuningdek, 3 ta holat boʻyicha toʻplangan materiallar sud idoralariga taqdim qilindi. Jumladan, Paxtakor tumanidagi «Noʻmon Ota» fermer xoʻjaligiga tegishli gʻalla maydonining 0,15 gektarida, “Paxtakor Alpomishi” va “Solinlik Murodboy yeri” fermer xoʻjaliklari gʻalla maydonlarining ham ancha qismida sizot suvi sathining ortishi hosildorlikka jiddiy zarar yetkazgan hamda ushbu fermer xoʻjaliklarida shoʻr yuvish ishlarini olib borish davomida ehtiyojdan ortiqcha suv olinib, shunchaki zovurga tashlab qoʻyilishi oqibatida katta miqdorda suv isrof boʻlgan.
Inspeksiyaning tuman boʻlimi tomonidan qonun buzilishlarning oldini olish va huquqbuzarliklarni keltirib chiqarmaslik yuzasidan 136 ta yozma koʻrsatma hamda tumandagi 247 ta fermer xoʻjaliklari rahbarlariga suv va suv resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan ogohlantirish xatlari yuborilgan.
Shu bilan birga inspeksiyaning oʻtkazgan nazorat tadbirlari natijasida tumanda 28 ming kub suvni iqtisod qilishga erishilgan.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring