Bu yurtda har bir inson aziz va qadrli
Foto: Xalq so‘zi
Mustaqilligimizning 31 yilligini munosib kutib olishga qizgʻin taraddud koʻrilayotgan shu kunlarda Samarqand shahridagi «Ilmobod» mahalla markazida “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida navbatdagi xayriya tadbiri oʻtkazildi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat boʻlimi boshqaruvi tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar koʻmagida tashkil qilingan tadbirda nogironligi boʻlgan, ehtiyojmand fuqarolarga oziq-ovqat, kiyim-kechak mahsulotlari hamda dori-darmon tarqatildi. Shu bilan birga ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarning 31 nafar oʻquvchi farzandiga maktab formalari, oʻquv qurollari va esdalik sovgʻalari topshirildi.
— Men Mehribonlik uyida tarbiyalanganman va hozirda «Ilmobod» mahallasida joylashgan, hokimiyat tomonidan ajratilgan ijtimoiy uyda yashayman, — deydi Parvina Zayniyeva. — Yolgʻizligimizni bildirmay, doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelayotgan davlatimizdan, yaxshi insonlardan minnatdormiz.
Tadbir soʻngida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan bayram dasturxoni tashkil qilingani, ayniqsa, bolajonlarning quvonchiga quvonch qoʻshdi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring