Boyovutlik 100 yoshli otaxonga Prezident tabrik yoʻlladi
Boyovut tumanida yashayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Oʻskan Hojimanov yakunlanayotgan yilda 100 yoshdan oshdi. Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev viloyat sektorlari rahbarlari bilan birga otaxonga Prezidentimizning tabrigi va bayram sovgʻasini topshirishdi.
Viloyat hokimi Prezidentimizning bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Shuningdek, 100 yoshli otaga bir martalik pul mukofoti va sovgʻalar tantanali topshirildi.

Oʻskan Hojimanov 1943-yilda frontga ketib, Moskva ostonalaridan Kenigsberg shahrini ozod qilishgacha boʻlgan janggohlarni bosib oʻtdi. Oder daryosini kechib oʻtishda mardlik namunasini koʻrsatdi. Urush oxirlayotganda yaralandi. Yaraslavl oblastining Ribinsk gospitalida bir yarim yil davolandi. 1950-yil Zomin tumanidagi ona qishlogʻi Achchiga qaytdi. U 28-yil xoʻjalikda shofyorlik qildi. Turmush oʻrtogʻi Novvotoy momo bilan 10 nafar farzandni voyaga yetkazib, elga qoʻshdi.
Piru badavlat nuroniy Oʻskan ota yuksak eʼtibor va ehtiromdan shod boʻlib, yuzida tabassum va shukronalik bilan yurtimiz tinchligi bardavom boʻlishini hamda Vatanimizning yanada gullab-yashnashini tilab duo qildi.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring