Bosh vazir o‘rinbosari To‘palang suv omboridan ichimlik suvi tarmog‘ini tortish loyihasi doirasidagi obyektlarga tashrif buyurdi
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aholi suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 10 trillion so‘m yoki oldingi yillarga nisbatan 5 baravar ko‘p mablag‘ ajratildi. Qariyb 7,7 million aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmatidan xabar qilishlaricha, ushbu sohaga qo‘shimcha ravishda 40 trillion so‘m investitsiya jalb etilib, ichimlik suvi ta’minotini 90 foiz, oqova suv tizimi qamrovini 35 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Asosiy e’tibor chekka hududlarga, suv ta’minoti va sifati past hududlarni rivojlantirishga qaratilmoqda.
Aytish joizki, Surxondaryo viloyati ham ana shunday hududlar sirasiga kiradi. Bu yerda markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi past edi. Prezidentimizning 2021-yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida ilgari surilgan tashabbus doirasida, megaloyiha – “To‘palang” suv omboridan Termizgacha qariyb 382 kilometr uzunlikdagi magistral suv tarmog‘i qurilishi amalga oshirilmoqda. Loyihaga ko‘ra, To‘palang suv omboridagi minerallarga boy obihayot viloyatning Sariosiyo, Denov, Oltinsoy, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Termiz, Bandixon, Qiziriq, Angor, Muzrobot, Sherobod tumanlari va Termiz shahriga quvurlar orqali yetib boradi hamda qariyb 2 million aholi zilol ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Asosiy maqsad – viloyat aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, aholining turmush sharoitini yaxshilash, tuman markazlari va chekka qishloq aholi punktlarida aholi salomatligini mustahkamlashdan iborat.
Bugun, 11-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Achilboy Ramatov Surxondaryodagi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash doirasida qurilishi amalga oshirilayotgan obyektlarga tashrif buyurdi.
Bosh vazir o‘rinbosariga To‘palang suv omboridan ichimlik suvi tarmog‘ini tortish loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar hajmi, bosh suv tozalash inshooti, obyektlarda o‘rnatilgan zamonaviy texnologiyalar, avtomatlashtirilgan onlayn boshqarish tizimi, tumanlarda barpo etilgan rezervuarlar ma’lumotlari borasida axborot berildi.

Loyihani o‘z vaqtida va sifatli bajarishda bosh loyihachi “Gidroproyekt” AJ bilan Turkiyaning yetakchi “ART Environmental Technologies LTD”kompaniyasi hamkorlik qilmoqda.
Ushbu megaloyiha doirasida suv omboridan to Termiz shahrigacha 382 kilometr uzunlikda metall quvurlar yotqiziladi. Uning 160 kilometri magistral, 222 kilometri esa 12 ta tuman va viloyat markazini suv bilan ta’minlash uzellarigacha bo‘lgan ichki quvurlardir.
Ta’kidlash lozimki, To‘palang daryosidan keladigan suv, avvalo, suv tozalash inshootiga quyiladi. Zamonaviy avtomatlashtirilgan tizim orqali daryo suvi bir necha bosqichda filtrlanadi, xlorlanadi, tindiriladi, qum va cho‘kindilardan sifatli tozalanadi. So‘ngra ichimlik suvi magistral quvurlarga taqsimlanadi. Loyiha doirasida har bir tumanning rejalashtirilgan manzilida hajmi 1 ming, 10 ming va 20 ming kub metrdan iborat suv yig‘ish rezervuarlari qurib bitkaziladi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A. Ramatov ishtirokida Termiz hamda Bandixon tumanlaridagi suv uzatish ichki hamda magistral tarmoqlari obyektlari qurilishiga start berish marosimi o‘tkazildi.

Ushbu tadbirda viloyat hokimi U. Qosimov, Termiz va Bandixon tumanlari hokimlari, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov, loyihaga mas’ul ijrochi tashkilotlar rahbarlari, muhandis-quruvchilar, jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Loyiha doirasida Termiz tumanida 28.6 km uzunlikdagi ichki metall suv quvuri tarmog‘i hamda Bandixon tumanida 9.42 km magistral hamda 2.3 km ichki metall suv quvuri tarmog‘i barpo etiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Umumiy mukofot jamgʻarmasi 700 ming yevro boʻlgan shaxmat turniri yakunlandi
- Oʻzbekistonda steyblkoinlardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish mumkin boʻladi
- Shavkat Mirziyoyev madaniyat va turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi
- Prezident uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Eron mamlakat rahbariyatining oʻldirilishi uchun AQSH va Isroilni javobgarlikka tortmoqchi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring