Bolajonlarga quvonch ulashildi
Bayramlar arafasida jajji bolajonlar holidan xabar olish, ularga sovgʻa-salomlar ulashish orqali qalbiga quvonch olib kirish xalqimizga xos xayrli tadbirlardan biri, desak, ayni haqiqat.
Yangi yil bayrami oldidan tashkil etilgan tadbirlarda prokuratura tizimi xodimlari ham faol ishtirok etdi.
Xususan, Toshkent shahar Yunusobod tuman prokurori Ya.Abdurahmonov tashabbusi bilan mutasaddilar bilan birgalikda 1-Bolalar klinik shifoxonasida davolanayotgan 50 nafardan ortiq bolalarga quvonch ulashish maqsadida “Yangi yil” bayram tadbiri oʻtkazildi. Tadbirda bolajonlarni Yangi yil bilan tabriklab, esdalik sovgʻalari bayramona kayfiyatda topshirildi.
Shu bilan birga, tuman prokurori Ya.Abdurahmonov 560-ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida ham boʻldi.

Bugungi kunda ushbu muassasada yuzlab bolalar taʼlim olishmoqda. Yangi yil arafasida oʻtkazilgan bayram tadbirida 120 nafardan ortiq bolajonlarga sovgʻalar taqdim etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring