Bolajonlarga bir olam shodlik ulashgan xayriya aksiyasi
Shoira ESHBOYEVA/“Xalq soʻzi”. Oʻzbek xalqining asrlar osha yetib kelayotgan mehribonlik, saxovatlilik fazilatlari milliy oʻzligimiz ifodasidir.
Shunday qadriyatlarimizga tayangan holda, mana bir necha yildirki Toshkent shahar Planetariysida “Baxtli bolajon” xayriya aksiyasi tashkil etilmoqda.

— 2014-yildan buyon har yili Toshkent Planetariysi tomonidan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun mana shunday madaniy tadbir uyushtirib kelamiz, — deydi tadbir tashkilotchisi Noiba Xikmatova. — Bu yilgi aksiyamizning oʻziga xos tomoni shundaki mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan birgalikda oz boʻlsada mahalladagi yordamga muhtoj aholi farzandlarini ham qamrab olishga harakat qildik.
Aksiya davomida ishtirokchilarga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Dono Boboxonova hamda “Sharq” estrada guruhi tomonidan bayram dasturi namoyish etildi. Shuningdek, yulduzli osmon va quyosh sistemasi sayyoralari haqidagi film bolajonlar eʼtiboriga havola qilindi.

Tadbirda bolajonlar yuzida bir olam quvonch balqidi, qalblarini koʻtarinki kayfiyat tark etmadi. Aksiya soʻnggida ular uchun yozilgan bayram dasturxoni ham esda qolarli boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring