Bolalar huquq va erkinliklari kafolati yanada mustahkamlanadi

16:34 02 Oktyabr 2023 Jamiyat
269 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishida deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida»gi qonun loyihasini muhokama qildilar.

Bugungi kunda milliy qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bogʻliq qonun hujjatlari soni 40 dan, qonunosti hujjatlari esa 500 dan ortiq. Bu oʻz navbatida, bola huquqlari sohasidagi qonunchilik bilan ixtisoslashgan holda ish olib borish hamda uning ijrosi boʻyicha taʼsirchan mexanizmlarni yaratish zaruriyatini yuzaga keltirdi.

Mazkur qonun loyihasi Prezidentimizning 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori hamda 2021-yil 9-avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida chiqilgan.

7 ta bob va 44 ta moddadan iborat ushbu loyihaga koʻra, Bolalar ombudsmanini saylash tartibi joriy etilmoqda. Yaʼni, Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan deputat va senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan 5 yil muddatga saylanadi. Mazkur lavozimga 25 yoshga toʻlgan, kamida 5 yil respublika hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston fuqarosi saylanishi mumkinligi belgilanyapti va nomzod Oliy Majlis palatalariga Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan kiritiladi.

Shuningdek, Bolalar ombudsmanining asosiy vazifalari va ombudsman maʼruzasi Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi nazarda tutilyapti. Ombudsman faoliyatining asosiy jihatlari va murojaatlarni koʻrib chiqish tartib-taomillari belgilanmoqda.

Murojaat va shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi, shartlari, shikoyatlarga qoʻyiladigan talablar, huquq va majburiyatlar, ombudsmanining davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi bilan bogʻliq vazifalar nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, Bolalar ombudsmanining jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatadigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari lavozimlari joriy etilyapti.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasini ishlab chiqishda xorijiy tajriba ham eʼtiborga olinganmi, degan savollar bilan qonun tashabbuskorlariga yuzlandi.

Ularning aytishicha, qonun loyihasini ishlab chiqishda Norvegiya, Daniya, Shvetsiya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Kanada, Avstriya, Rossiya, Qozogʻiston kabi xorijiy mamlakatlar tajribasi oʻrganilgan.

Qizgʻin davom etgan savol-javoblardan soʻng, deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi bolalarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafili boʻlishini taʼkidlab, uni birinchi oʻqishda maʼqulladilar.

Yigʻilishda kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер