Bogʻchalar qachon ochilishi maʼlum qilindi
Bugun jamiyat oldiga qoʻyilgan koʻndalang savollardan biri bu bogʻchalar qachon ochiladi va ulardagi xavfsizlik choralari qay darajada koʻrilmoqda? Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim muassasasida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil maʼlumot berildi.
“Respublikamizdagi maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati 14 sentyabrdan boshlab bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi. Birinchi navbatda, 5-7 yoshli tarbiyalanuvchilar tayyorlov guruhlari ochiladi. Bu 5 yoshgacha boʻlgan bolaning ijtimoiy masofa saqlashi va gigiyena qoidalariga amal qilishdagi qiyinchiliklari bilan izohlanadi. Masalan, u oʻziga qadar boshqa bolalar oʻynagan oʻyinchoqni ogʻziga olib borishi mumkin. 4-5 yoshli bolalardan iborat oʻrta guruhlarning ochilishi oktyabr oyiga, kichik guruhlarning ochilishi esa noyabr oyiga moʻljallanmoqda,” – deydi maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin.
Berilgan maʼlumotlarga koʻra, bogʻchalarning ochilishi xalq deputatlari Kengashi va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ruxsati bilan hamda muayyan MTTga qatnovchi bolaning ota-onasi roziligi bilan amalga oshiriladi.
Yana bir savol tugʻiladi. Kuni kecha dezinfeksiya tunellarining foydasizligi, xlor salomatlikka zararli ekani va uning hatto astma kasalligini keltirib chiqarishi mumkinligi toʻgʻrisida tibbiyot mutaxassilari maʼlum qildi. Xoʻsh, bogʻchalarda bolalar salomatligi uchun xavf tugʻdirmaydigan qanday choralardan foydalaniladi?
– Muassasalarga qoʻyilgan talablardan biri xonalarni doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarni pirometrlar, antiseptik vositalar, usti berk supachalar va dezinfeksion “toʻshak”lar bilan jihozlash etib belgilangan. Barcha chora-tadbirlar bolalar salomatligini eʼtiborga olgan holda rejalashtirilgan. Qoʻshimcha chora-tadbirlar epidemiologik vaziyatga qara yana koʻrib chiqiladi, – deydi Umida Muhitdinova, bolalar salomatligi sogʻlom ovqatlantirishni taʼminlash va ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarma boshligʻi.
Anjumanda davlat bogʻchalarining ochilish muddatlari mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga qarab oʻzgarishi mumkinligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi” muxbiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring