Bitta kitobni ming kishiga sovgʻa qilsa boʻladimi?

14:06 07 Noyabr 2024 Jamiyat
405 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbek va tojik tillarida ijod qilayotgan Paygʻom (Toʻxtamish Boqiy) Sayxunobod tumanidagi 6 ta maktab kutubxonasiga hozirgacha uch nomdagi 150 ta kitobini sovgʻa qildi. Yaqinda Nurota va Forish tumanlaridagi 10 ta maktab kutubxonalariga ham kitoblaridan iborat sovgʻalar toʻplamini topshirdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Toʻxtamish Boqiy nashrdan chiqishi kutilayotgan yana uchta yangi kitobini deyarli toʻliq adadi miqdorida kutubxonalarga tarqatmoqchi.

Aytish lozimki, muallif garchi boy-badavlat boʻlmasa-da, kitoblarini oʻz hisobidan chiqaradi. Lekin taʼbir joiz boʻlsa, aynan kutubxonaga kitob tuhfa qilish orqali “birni ming qiladi“. Gap shundaki, kutubxonaga berilgan adabiyotni yillar davomida yuzlab, minglab kishilar oʻqiydi. Demak, shu taxlitda sovgʻa qilingan bir dona kitob misli minglab kitobxonga sovgʻa qilingandek boʻladi. Qolaversa, kutubxonada kitob uzoq saqlanadi, sovgʻa egasi-muallifning nomi esa asrlar osha yashaydi.

— Viloyatimizda Toʻxtamish aka kabi kutubxonalarga kitob sovgʻa qilayotgan ijodkor yurtdoshlarimiz koʻpchilik, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazi direktori vazifasini bajaruvchi Tavakkal Takaboyev. — Ana shunday xayrli ishga bosh qoʻshayotgan kitobxonlar, tadbirkorlar ham koʻpayib bormoqda.

Shuningdek, T.Takaboyevning aytishicha, yaqinda viloyat kutubxonasiga bir kishi 150 ta, yana birov 100 ta kitob tuhfa qilgan. Eʼtiborlisi, ikkisi ham ism-familiyasini aytishni istamay, ushbu saxovatlari “Oʻng qoʻling berganini chap qoʻling bilmasin“ tamoyilida boʻlishini xohlashgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер