Bir maktabdan 6 nafar olimpiada gʻolibi chiqdi

11:25 30 Yanvar 2020 Jamiyat
1784 0

Ibratning ibratli izdoshlari Malayziyaga sayohat yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi. Bu xushxabar Toʻraqoʻrgʻondagi xorijiy tillarni oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat jamoasining quvonchiga aylandi. Negaki, bilimdon va zukko oʻqituvchilar rahnamoligida bir necha tillarni qunt bilan oʻzlashtirayotgan oʻquvchilar birin-ketin nufuzli olimpiadalarning gʻolibiga aylanmoqda.

Oʻtgan yilning sentyabr-oktyabr oyida maktab-internati “SPELLING BEE-2019” olimpiadasining saralash bosqichida mezbonlik qilgan edi. Respublika bosqichi dekabr oyida Toshkent shahrida oʻtkazildi. Olimpiadada koʻpgina oʻquvchilar yuqori natijaga erishdi. Ayniqsa, Mohinur Odilovaga 2-oʻrinni egallab, kumush medal hamda 2 million soʻm pul mukofotiga sazovor boʻldi. Nozima Mahmudova, Farhod Qodirov, Muxlisa Qoʻchqorxoʻjayeva, Mirjahon Mirvaliyev, Nodira Fariddinovalar bronza medallari, 1,5 million soʻmdan pul mukofotini qoʻlga kiritdi. Olti nafar olimpiada gʻoliblari bitta ijod maktabidan chiqishiga sabab mahoratli oʻqituvchilarning samarali mehnatining natijasidir.

– Gʻoliblarning barchalari bolalarning sevimli ustoziga aylangan Yelena Yuryevnaning shogirdlaridir, –deydi muassasa direktori Gulchehra QAYUMOVA. – U oʻn yillik faoliyati davomida kollej va akademik litseylarda ishlab, katta tajriba toʻplagan. Viloyat olimpiadalarida hakamlik qilgan. Endi bilim va tajribasini oʻquvchilarimizga oʻrgatmoqda. Muhimi, qisqa vaqt ichida katta muvaffaqiyatlarga erishishini taʼminlay olgani bilan barcha hamkasblariga oʻrnak boʻlmoqda.

Maʼlumot uchun: Hozirgacha “SPELLING BEE” Angliya, AQSH, Singapur va Qirgʻiziston davlatlarida oʻtkazilgan boʻlsa, 2019-yilda Oʻzbekistonga ham kirib keldi. Bundan salkam 100-yil muqaddam AQSHda tashkil etilgan “SPELLING BEE”ning maqsadi inglizcha soʻzlarni toʻgʻri yozishni, toʻgʻri talaffuz qilish, maʼnolarini teran tushunishni oʻrgatishdir. Demak, mazkur olimpiada til oʻrganishda oʻquvchilarning faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер