Biogumusli tuvakchalar hosildorlikning oshishiga xizmat qiladi

16:28 05 Fevral 2024 Jamiyat
257 0

Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, ochiq yerdagi sabzavot ekinlarining yarmidan koʻpi hamda issiqxonalar maydonlarining taxminan 90 foizida hosil koʻchat oʻtqazish yoʻli bilan yetishtiriladi. Bu oʻsimliklarning rivojlanishini tezlashtiradi, erta hosil olish va uni nisbatan yuqori narxlarda sotish imkonini beradi.

— Shu bilan birga fermer xoʻjaliklari yeri hamda issiqxonalardan uzoq vaqtdan buyon foydalanib kelinishi ularning unumdorligi pasayishiga, tuproq tarkibidagi gumus miqdorining kamayishiga olib kelayotgani sir emas, — deydi Tabiiy resurslarni boshqarish milliy tadqiqot universitetining Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti tayanch doktoranti Sardor Orziyev. — Binobarin, yopiq gruntlarda koʻchatlar yetishtirish jarayonini toʻligʻicha ilmiy asoslangan mexanizmlar yordamida amalga oshirishni joriy etish bugungi kunda sohaning dolzarb muammolaridan biri sanaladi.

Institut olim-tadqiqotchilari shu yoʻnalishda izlanishlar olib borib, muayyan natijalarga erishdilar. Jumladan, koʻchat yetishtirishda biogumusdan tuvakchalar tayyorlaydigan qurilma konstruksiyasi ishlab chiqildi va uning tajriba nusxasi tayyorlandi. “Koʻchat yetishtirish uchun organik chiqindilardan tuvakchalar tayyorlash qurilmasi” deb nomlangan ushbu ixtiroga Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirligi tomonidan foydali model patenti berildi.

Ushbu patent mualliflaridan biri, texnika fanlari doktori, professor Shavkat Imomov taʼkidlaganidek, koʻchat yetishtirish uchun tuvakchalar tayyorlash qurilmalari asosan xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilishi, xomashyo sifatida torf mahsulotidan foydalanilishi nazarda tutilsa, ularni keltirish iqtisodiy jihatdan bir qator noqulayliklarni tugʻdiradi. Shu boisdan ularni oʻzimizda tayyorlash foydadan xoli emas. Qolaversa, tuvakli koʻchat nisbatan kuchliroq ildiz tizimiga ega boʻladi. Oʻsishda toʻsiqning yoʻqligi tufayli 12—14 kun oldin hosil olish imkonini beradi. Hosildorlik 20-30 foizga oshadi. Eʼtiborlisi, tuvakcha tuproq tarkibida toʻliq parchalanadi. Natijada yerdagi gumus miqdori koʻpayadi. Bu esa yerdan samarali foydalanish, sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish garovidir.

Aytmoqchi, institut olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari qishloq xoʻjaligi sohasi xodimlari, xususan, issiqxona xoʻjaligi rahbarlarida katta qiziqish uygʻotmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер