Bilimli va tashabbuskor yoshlar Vatan taraqqiyotiga hissa qoʻshishga qodir

08:12 23 Aprel 2022 Jamiyat
2812 0

Inkor qilib boʻlmaydigan bir haqiqat borki, bu — kelajagimiz, yurtimiz taraqqiyoti bilimli yoshlar qoʻlida ekanligi bilan bevosita bogʻliq.

Shu bois mamlakatimizda yosh avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni yetuk insonlar qilib tarbiyalash, puxta bilim egallashlari, sport va boshqa foydali mehnat bilan shugʻullanishlari yoʻlida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bosh qomusimizda har kim bilim olish huquqiga egaligi, bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanishi ham bejiz emas. Zero, yoshlarning intellektual salohiyati, kelajakda yuqori marralarni zabt etishida ham aynan maktabning oʻrni beqiyos.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, umumtaʼlim maktablari yoshlar tarbiyasi masalasida mahalla, jamoat tashkilotlari, oilalar va ona-onalar bilan oʻzaro hamkorlikda faoliyat yuritayotgani bugun oʻz samaralarini beryapti.

Oʻquvchi-yoshlarning darslarga muntazam qatnashishini taʼminlashda, qolaversa, oʻgʻil-qizlarda Vatanga boʻlgan mehr-muhabbatini yuksaltirishda ham “oila — mahalla — maktab” hamkorligi va ishtiroki gʻoyatda zarur.

Yana bir muhim jihat. Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan 5 ta muhim tashabbus yoshlar maʼnaviyatini oshirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ulardagi iqtidorni rivojlantirish, bandligini taʼminlash, sport sohasida erishgan yutuqlarini yanada koʻpaytirish, kasb-hunarga yoʻnaltirish kabi maqsadlar qamrab olingan. Mazkur vazifalar ijrosi kutilgan natijalarni bermoqda.

Jumladan, bugungi kunda besh muhim tashabbusga mos ravishda umumtaʼlim maktablarida “Maʼnaviyat kuni” doirasida tashkil etilayotgan turli tadbirlar yoshlar maʼnaviyatini yanada yuksaltirish, ularning ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirish, yurtiga sadoqatli boʻlish, oʻzaro mehr-oqibat kabi fazilatlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Zotan, odob-axloq, bilimdon, mehnatsevar farzand nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning eng katta boyligidir.

Yaqinda bizning Sergeli tumani 269-umumtaʼlim maktabimizda ham «Eski shahar gavroshlari» mavzuida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

“Hunarli kishi xor boʻlmas” shiori ostida tashkil etilgan ushbu tadbir doirasida oʻquvchilar faolligida teatr va spektakllar sahnalashtirilgani barchada katta taassurot qoldirdi.

Yoshlar ijrosidagi sahna namoyishlarida oila muqaddas dargoh ekanligi, yoshlar taʼlim-tarbiyasida oila, mahalla, taʼlim muassasalari va keng jamoatchilikning tutgan oʻrni va ahamiyati, oʻquvchilar odobi, maʼnaviyati hamda madaniyati targʻib etildi.

Shuningdek, hunarli kishi hayotda oʻz oʻrnini topishi, oʻz kasbi bilan jamiyatga foyda keltirishi oʻquvchilarimizning ijodiy mahorati orqali ochib berildi.

Bu hali hammasi emas. Tadbir doirasida oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida “Temuriylar tarixi bilimdoni” koʻrik-tanlovi ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilar Temuriylar davri tarixiga oid savollardan kelib chiqib, oʻsha davrlardagi hayot haqida, xususan, ilm-fan, madaniyat, taʼlim-tarbiya, kasb-hunar sohasining rivojlanishiga oid maʼlumotlarga murojaat etishdi. Bu esa oʻquvchilar bilimini yanada mustahkamlab olishlariga zamin yaratdi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Tanlov gʻoliblari diplom bilan taqdirlandi.

Oʻz navbatida, tadbirlar davomida Vatanni madh etuvchi musiqiy chiqishlar va kuy-qoʻshiqlar yangradi. Bundan tashqari, bir qator intellektual oʻyinlar musobaqasi va boshqa maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar maktabimiz oʻquvchilarini yanada faol boʻlishga undamoqda.

Maqsadimiz aniq — oʻquvchi-yoshlarni ilm-fanga, kasb-hunar oʻrganishga boʻlgan qiziqishni yanada kuchaytirish, ular oʻrtasida ijod, madaniyat, sanʼatni targʻib qilish, ularni yuksak maʼnaviyatli insonlar etib tarbiyalash, bir soʻz bilan aytganda, yoshlarning jamiyatda munosib oʻrin topishlariga koʻmaklashishdan iboratdir.

Zero, bilimli, tashabbuskor va intellektual salohiyati yuqori yoshlar Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga qodir boʻladi.

Dildora MARDONOVA,

Sergeli tumani 269-umumtaʼlim maktabi

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер