Belаrus Respublikasidagi Topivoldiyevka qishlogʻi kimning nomiga qoʻyilganini bilasizmi?

14:26 07 Noyabr 2023 Jamiyat
656 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Ikkinchi jahon urushi qahramoni, Rishton tumanining Pandigon qishlogʻida tavallud topgan Belorussiya hududidagi janglarda mislsiz jasorat koʻrsatgan edi. Shu bois ushbu mamlakatdagi qishloqlardan biriga mard oʻzbek oʻgʻloni sharafiga – Topivoldiyevka nomi berilgan.

Kuni kecha Belarus Republikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Rishton tumaniga tashrif buyurdi. Mehmonlar dastlab urush qahramoni Mamadali Topvoldiyev nomi berilgan 27-umumtaʼlim maktabida boʻlishdi.

Tadbir davomida hududdagi 30-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining qoʻshiq va raqslari, maktab oʻquvchilari, tarix fanlari nomzodi Toʻlqin Zohidovning Mamadali Topvoldiyev haqidagi maʼlumotlari, shuningdek, Toshkentdagi Belorus madaniy markazi badiiy ansambli ishtirokchilarining chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi.

— Bugungi avlod Ikkinchi jahon urushida katta jasorat hamda matonat namunalarini koʻrsatgan, Vatan himoyasida fidoyilik qilgan ota–bobolarimizni hech qachon unutmaydi, — dedi elchi. — Ishonamizki, nafaqat oʻzbekistonliklar, balki belarusliklarning ham faxriga aylangan Mamadali Topvoldiyevning janglarda koʻrsatgan afsonaviy qahramonligi qalbimizda hamisha barhayotdir. Biz belаrus xalqiga tinch hayotni baxsh etgan va shu maʼnoda ikki elning farzandi Mamadali Topvoldiyevning qahramonliklarini hech qachon unutmaymiz.

Shu kuni mehmonlar tuman hokimligi va keng jamoatchilik vakillari hamrohligida Ikkinchi jahon urushi qahramoni mangu qoʻnim topgan qabristonda boʻlishib, uning byusti poyiga gulchambarlar qoʻyishdi. Xotirlash tadbiri davomida mamlakat Prezidentining farmoniga koʻra, Ikkinchi jahon urushi qahramoni Mamadali Topvoldiyevga Belаrus Respublikasi mustaqilligi kuni munosabati bilan berilgan medal uning farzandlariga tantanali ravishda topshirildi.

 

Mehmonlarga Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshid Ahmedov hamda Rishton tumani hokimi Bahodir Xoliqovlar hamrohlik qilishdi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер