Barchasi barkamol avlod uchun
Poytaxtimizdagi “O’zekspomarkaz” majmuasida “Nurli kelajak Expo — 2018” ko’rgazmasi davom etmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etilgan ko’rgazmada Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 250 dan ortiq korxona hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari o’z mahsulotlari bilan qatnashmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta’lim, ayniqsa, maktabgacha ta’lim tizimida olib borilayotgan tub islohotlar yoshlar kelajagini, ertangi kuni va taqdirini belgilashda muhim o’rin tutmoqda. Bunda davlatimiz rahbarining maktabgacha ta’lim tizimi hamda boshqaruvini tubdan takomillashtirishga qaratilgan bir qator qaror va farmonlari muhim dasturilamal bo’lmoqda. Ayniqsa, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilgani, qolaversa, davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga qo’shimcha haq to’lash tizimining yo’lga qo’yilgani soha rivojida katta rol o’ynayapti.
Ma’lumotlarga ko’ra, 2017 — 2021 yillarda 2200 ta maktabgacha ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qishloq aholi punktlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, ularni zamonaviy talablarga javob beradigan inventar, uskunalar, o’quv-metodik qo’llanmalar, multimedia resurslari bilan ta’minlash ko’zda tutilgan. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish maqsadida jami 2,2 trillion so’m mablag’ ajratilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning 1 fevralidan e’tiboran poytaxtimizdagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tayyor oziq-ovqatlarni etkazib berish bo’yicha tuman maktabgacha ta’lim bo’limlari bilan to’g’ridan-to’g’ri shartnomalar tuzishga sinov tariqasida ruxsat berilgan. Ayni paytda Sergeli, Olmazor va Chilonzor tumanlaridagi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida ketring usulida ovqatlantirish yo’lga qo’yildi.
Yarmarka maktabgacha ta’lim bo’limlari bilan oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi mahsulotlari, mebel jihozlari, didaktik o’yin va o’yinchoqlar, sport hamda tibbiyot anjomlari ishlab chiqaruvchilar o’rtasida ikki tomonlama shartnomalar tuzish, hamkorlikni yo’lga qo’yish, o’zaro tajriba almashish imkoniyatini yaratib berdi.
— Ko’rgazmada bolajonlar, ayniqsa, bog’cha tarbiyalanuvchilari uchun maxsus yotoq kravati, stol-stullar, o’yinchoqlar kabi 15 xil mahsulotimizni namoyish qilayapmiz, — deydi Namangan viloyatidagi “No’’monjon Fayz” korxonasi rahbari Ma’rufjon Arabboev. — O’tgan yili o’nga yaqin bog’chalarga o’z mahsulotlarimizni etkazib berdik. Bugungi yarmarkada mahsulotimizga barcha viloyat, ayniqsa, Samarqanddan ko’plab takliflar tushayapti. Ishonamanki, ko’rgazma yakuniga qadar ko’plab shartnomalar tuzamiz.
Rahim ShERQULOV,
“Xalq so’zi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring