Farg‘onada barak uylarda yashagan oilalar yangi va zamonaviy uylarga ko‘chib o‘tishdi
Foto: Xalq so'zi
Farg‘ona shahri markazi – Alisher Navoiy va Ma’rifat ko‘chalari kesishmasidagi ikki qavatli ma’nan eskirgan uylar (baraklar) o‘rnida Renovasiya dasturiga asosan barpo etilgan yangi turar-joy majmuasi tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi.
Zamonaviy loyiha asosida bunyo etilgan 8 qavatli turar-joy binosiga eski uylarda yashab kelgan 24 ta oila ham ko‘chib o‘tdi. 2021 yilning bahorida Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan shahar hududidagi 50-60 yillar avval qurilgan barak uylar o‘rnida shaharsozlik me’morchiligi an’analari bo‘yicha yangi uylar qurilishiga kirishilgan edi. Boisi, uyshbu uylar devorlari zaxlab ketgan, tomlardan chakki o‘tar, binolarning fasadlari ayanchli ahvolda hamda isitish va suv ta’minoti, kanalizasiya bilan bog‘liq muammolar bu yerda yashovchilarning tinka-madorini quritgandi.
Shu tariqa bugungi kunda Renovasiya dasturi doirasida shahar hududida yana 10 ga yaqin hududdagi eskirgan bir va ikki qavatli uylar o‘rniga 7, 9, 12 qavatli uy-joylar qurish ishlari olib borilmoqda.
- Yangi uy to‘ylarida xalqimizga xos ezgu fazilat namoyon etilib, Ramazon tuhfasi sifatida Farg‘ona shahridagi 106 nafar kam ta’minlangan oila farzandlariga sunnat to‘ylari ham o‘tkazib berildi,-deydi “Marg‘ilon ixtisoslashtirilgan ta’mir qurilish” MCHJ rahbari Ahmadilloxon Qilichxonov. - To‘ybolalarga yangi sarpolar kiydirilib, har biriga velosiped, esdalik sovg‘alari hamda oilalariga oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.
Tantanali tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, yangi uy sohiblari va to‘ybolalarni qo‘shaloq xursandchilik ayyomi bilan samimiy qutladi.
Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring