Aziz Abduhakimov 23 yoshida Turizm qoʻmitasi raisiga oʻrinbosar boʻlgan Saidakbarxon Akbarovning lavozimidan ketgani sababini ochiqladi
“Tashkent city”dagi Congress Hall majmuasida “Toshkent yoshlar forumi — 2020” doirasida “Toshkentning madaniy va turistik qiyofasi – 2030” mavzusida ochiq muloqot boʻlib oʻtmoqda.
Unda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov forum ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga javob berdi.
Saidakbarxon Akbarov 23 yoshida Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangandi. Bu tayinlov yoshlar uchun motivatsiya boʻlgan edi. Uning bu lavozimdan ketishining sababi nimada?
"Bu yigitimiz ishga juda yaxshi kirishdi. Bu juda katta lavozim va katta masʼuliyat talab qiladi. Bunaqa lavozimda ishlagan odam butun vaqtini ishga bagʻishlashi kerak. U hali diplomga ega emasligi uchun oʻzi bu lavozimdan ketishini aytdi. Diplom olishi kerakligini va oʻzini biznesda sinamoqchi ekanini aytib, qoʻyib yuborishimizni soʻradi.
Tashkilot rahbarining oʻrinbosari boʻlib ishlash uchun juda katta tajriba kerak. Saidakbar uchun bu tajriba boʻldi. Biz unga qoʻldan kelgancha yordam berdik. Ammo uning oʻzi bu lavozimdan ketishni soʻradi".
Chet elliklar uchun qulaylik yaratuvchi mobil ilovalar ishlab chiqilmagan. Yaʼni, shaharni tanishtirish uchun nimadan foydalanishni bilmaydi? Shu kabi masalalar qachon koʻrib chiqiladi?
“Bu kamchilik bor. Biz turizmni rivojlantirish qoʻmitasining rasmiy saytida bu kabi innovatsion yechimlar uchun tanlovlar eʼlon qilganmiz. Agar kimda shunday dasturlar va startaplar boʻlsa, tanlovda ishtirok etishingiz, gʻoyalaringizni berishingiz mumkin”.
Nega til bilsa ham, 10 oylik oʻquv kursini tugatmaganlarga tarjimonlik qilishga ruxsat berilmaydi?
«Avvalo, tarjimon-gid Oʻzbekiston tarixini yaxshi bilishi kerak? Tilni yaxshi bilsada, tarixiy bilimi yetarli boʻlmagan gidlar turistlarga notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etadi. Bu esa Oʻzbekiston imijiga jiddiy putur yetkazadi. Shuning uchun tegishli kurslarni bitirib, keyin ushbu faoliyat bilan shugʻullanishi maqsadga muvofiq», - dedi A. Abduhakimov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring