Ayollar ipak liboslari: tarix va zamonaviylik
Mamlakatimizda muzeylar faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, bu sohada xalqaro aloqalarni mustahkamlash, turli mavzularda oʻzaro hamkorlik asosida koʻrgazmalar tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq va Madaniy meros agentligi buyrugʻiga asosan davlat muzeylarida “Ayollar ipak liboslari: tarix va zamonaviylik” mavzusida koʻrgazmalar tashkil etilmoqda.

“Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasidagi Tosh hovli saroyi tarixiy-meʼmoriy majmuasida Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi bilan hamkorlikda shu mavzuda koʻrgazma ochildi. Koʻrgazmadan oʻzbek ayollari kiyim-kechaklari bilan birga Tayland davlati qirolligi ayollari ipak liboslaridan namunalar ham oʻrin olgan.
Koʻrgazmaning ochilishiga bagʻishlangan tadbirda muzey xodimlari, mahalliy va xorijiy sayyohlar qatnashdi. Marosimda ushbu koʻrgazmaning tarixni, milliy anʼanalarni oʻrganish va targʻib etish barobarida mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlikni mustahkamlashda ham katta ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga Xorazm viloyati qoʻgʻirchoq teatri ijodiy jamoasi tomonidan teatrlashgan tomoshalar hamda konsert dasturi ham namoyish etildi.
Shu yilning 29-mart kunigacha namoyishi davom etadigan nodir eksponatlardan iborat koʻrgazma koʻhna shaharga tashrif buyurayotgan chet ellik hamda mahalliy sayyohlarda katta qiziqish uygʻotmoqda va unutilmas taassurot bagʻishlamoqda.
O.ISMOILOV, jurnalist.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring