Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash tartibi belgilandi
Hukumat qarori bilan “Avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash, berish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu nizom avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash, berish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
Nizomning amal qilishi milliy va xorijiy tashuvchilarga tatbiq etiladi. Nizomga koʻra, Oʻzbekiston ruxsatnomalarida avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashish turlari va ulardan foydalanish shartlari koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston va xorijiy ruxsatnomalar quyidagi asosiy turlarga boʻlinadi:
- ikki tomonlama/tranzit yuk tashish uchun;
- uchinchi davlatga/dan yuk tashish uchun;
- universal (ikki tomonlama, tranzit va uchinchi davlatga/dan yuk tashish);
- ikki tomonlama yuk tashish uchun;
- tranzit yuk tashish uchun;
- ikki tomonlama qatnovlarda yoʻlovchilarni nomuntazam tashish uchun;
- tranzit qatnovlarda yoʻlovchilarni nomuntazam tashish uchun.
Shuningdek, avtomobilda yoʻlovchilarni xalqaro muntazam tashishlar Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatning vakolatli organlari oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha tashkil etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring