Avtobusda giyohvand modda sotgan haydovchi qoʻlga olindi

10:30 16 Mart 2026 Jamiyat
214 0

Toshkent viloyatida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng koʻlamli tezkor-profilaktika oyligi doirasida giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyat aniqlanib, fosh etildi.

Nurafshon shahri Ichki ishlar boʻlimi tezkor xodimlari tomonidan shahardagi Bobur koʻchasi hududida shartli xaridorga 2 dona polietilen oʻramdagi gashish giyohvandlik vositasini 400 ming soʻm evaziga sotgan vaqtida daliliy ashyo bilan ushlandi.

— Gumonlanuvchi 1985-yilda tugʻilgan va shu kungacha jamoat transporti haydovchisi boʻlib ishlab kelgan. Holat uning boshqaruvidagi xizmat avtobusi ichida sodir boʻlgan, — deydi Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Bobur Toʻlaganov. — Giyohvandlik vositalariga qonunga xilof ravishda muomala qilish 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Tadbir davomida uning yonidan hamda boshqaruvidagi avtobusdan yana 9 ta oʻramda, jami 11 oʻramda 5 gramm gashish giyohvandlik vositasini sotish maqsadida saqlab kelganligi aniqlandi va protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati boʻylab “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng koʻlamli tezkor-profilaktika oyligi doirasida tezkor tadbirlar davom etmoqda.

Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер