Askarlari nafaqat baquvvat, balki...
O’zbekistonlik kursantlar yana xalqaro olimpiadada sovrindor bo’lishdi.
Avvalroq xabar berganimizdek 2-6 aprel kunlari Qozog’istonda MDHga a’zo davlatlar mudofaa vazirliklarining kursantlari o’rtasida matematika yo’nalishi bo’yicha Xalqaro olimpiada bahslari bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari uchinchi o’rinni qo’lga kiritishdi.
Chirchiq oliy tank qo’mondonlik-muhandislik bilim yurtining katta o’qituvchisi Ra’no Yusupova boshchiligida kursantlar Shahzodbek Rustamov, Bobur Abdurashidov, Jabbor Muhammadiev va Sarvar Noraliev Xalqaro olimpiadaning ikkinchi yo’nalishi — matematika bo’yicha Armaniston, Rossiya, Qozog’iston, Belarus, Qirg’iziston va Tojikiston mamlakatlarining harbiy matematiklari bilan o’zaro bellashdi.
Bahslar yakuniga ko’ra, birinchi o’rin Rossiya Federatsiyasi Harbiy universiteti vakillariga nasib etdi. Ikkinchi pog’onani esa qozog’istonlik harbiylar egalladi.
Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilishlaricha, kursantlar o’rtasidagi Xalqaro olimpiadaning navbatdagi bahslari (informatika bo’yicha) 16 — 20 aprel kunlari Qozog’istonda bo’lib o’tadi. Unda Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakulteti kursantlari ishtirok etadi.
Joriy yilning 26 — 30 mart kunlari Armanistonning Erevan shahrida kursantlar o’rtasida chet tili yo’nalishida o’tkazilgan Xalqaro olimpiadada o’zbekistonlik kursantlar uchinchi o’rinni qo’lga kiritishgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring