Askarlarga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi
Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonidagi harbiy qism va muassasalarida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan askarlarni tantanali kuzatish va ularga imtiyozli tavsiyanomalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Tantanali tadbirda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, viloyat hokimligi, Qurolli Kuchlar faxriylari, muddatli harbiy xizmatchi askarlar ishtirok etdi.
Dastlab bir yil davomida ofitserga serjantlar yordamida “Ustoz va shogird” an’analari asosida mukammal bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan askarlarga okrug qo‘shinlari qo‘mondonining tabrigi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng xizmatni namunali o‘tab, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan bir guruh muddatli harbiy xizmatchilarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun qo‘shimcha ball taqdim etuvchi imtiyozli tavsiyanomalar hamda jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yuqori natijalarni ko‘rsatgan askarlarga faxriy yorliqlar topshirildi.
Yakunda, muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida kelgusi faoliyatini harbiylik bilan chambarchas bog‘lab, Qurolli Kuchlar safida shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni davom ettirishga istak bildirgan askarlar yangi xizmat joylariga kuzatildi.
Tadbirning badiiy qismida xushovoz san’atkorlarning diltortar taronalari va Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga a’lo kayfiyat ulashdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring