Askar onalari sharaflandi

20:03 05 Yanvar 2024 Jamiyat
576 0

Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch. Mard va jasur Vatan himoyachilarini kamolga yetkazgan askarlar onalari esa har doim sharaf-u eʼzozga munosibdir.

Mamlakatimiz boʻylab, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga bagʻishlab, “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida “Vatanparvarlik oyligi” oʻtkazilmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri muddatli harbiy xizmatni Samarqand garnizonidagi harbiy qismlarda oʻtayotgan qoraqalpogʻistonlik yigitlarning onalarini sharaflashga bagʻishlandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasidagi studiyada ishtirok etgan Vatan himoyachilarining onalari Samarqandda xizmat qilayotgan farzandlari bilan videokonferensaloqa tizimi orqali real vaqt mezonida diydor koʻrishib, samimiy suhbat qurishdi.

“Askar onalarini sharaflaymiz!” deb nomlangan tadbirda bir necha oydan beri armiyada yurib, qaddi-qomati kelishib qolgan magʻrur askar oʻgʻlonlari bilan faxrlangan onalarning dil soʻzlari, harbiylikda yurib, koʻp narsaning qadrini anglab yetgan yigitlarning minnatdorligi uchrashuvga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Muddatli harbiy xizmatchilar onalari bilan suhbatda harbiy qismda yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar haqida soʻzlab, xizmatda erishgan yutuqlarini sanab oʻtishdi. Farzandlari muvaffaqiyatidan gʻururlangan onalar komandirlarga oʻzlarining cheksiz minnatdorligini bildirdilar.

Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер