Asal qoʻshib choy beraman kelsangiz...
Foto: “Xalq soʻzi”
Bugun Namanganda yana bir shodiyona boshlandi. Bahorning soʻnggi, yozning birinchi oyida oʻtkazilgan xalqaro gullar festivalida millionlab mehmonlarni kuzatgan shahar endi navbatdagi nufuzli anjumanga mezbonlik qilmoqda. Erta tongda “Afsonalar vodiysi” tematik parkida ikkinchi bor tashkil etilayotgan xalqaro asal festivaliga start berildi. Madaniyat va istirohat bogʻiga 200 dan ortiq mahalliy va xorijiy asal yetishtiruvchi tadbirkorlar jamlangan. Xususan, hamyurtlarimizdan tashqari qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston hamda MDHning boshqa davlatlaridan kelgan soha vakillari oʻz mahsulotlarini koʻrgazmaga qoʻyishgan.

Asalarichilikni yirik miqyosda bayram qilish uchun aynan Namanganning tanlangani bejiz emas. Bu yerda shifobaxsh neʼmatni yetishtirish, qayta ishlash va isteʼmol bozoriga chiqarish borasida boy tajriba toʻplangan. Mamlakatimiz boʻyicha eksportga chiqariladigan asalari paketlarining 70 foizi ushbu hudud hissasiga toʻgʻri keladi. Viloyatda asalari mahsulotlari ishlab chiqarish yildan-yilga ortib borayotir. Masalan, oʻtgan yili 4832 tonna asal yetishtirilgan boʻlsa, joriy yil yakuni bilan 5617 tonna bol yigʻib olinishi kutilmoqda.

— Vatanimiz geografik joylashuv jihatidan asalarichilik sohasini rivojlantirishning qulay iqlim va shart-sharoitlarga ega, —deydi Namangan viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Nuriddinov. — Yurtimizda parvarish qilinayotgan asalari oilalari bir yilning oʻzida ikki bahorni qarshi oladi, yaʼni fevral oyida respublikamizning janubiy hududlarida asalarilarning uygʻonish davri oʻtsa, aprelga kelib asalari oilalari vodiy viloyatlariga koʻchirib kelinadi. Uchinchi bahorni esa Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston hududlarida qarshi oladi. Mazkur sxema asosida har bir asalari oilasidan yiliga 100 kilogrammgacha mahsulot olish mumkin. Mahalliy asalarichilar joylarda navbatma-navbat keladigan uch bahor imkoniyatlaridan foydalanib, sohani jadal rivojlantirmoqdalar.
Oʻtgan yilning xuddi shu davrida gullar shahrida oʻtkazilgan birinchi festivalda respublikamiz viloyatlari va yaqin xorijdan kelgan asalarichilar oʻz mahsulotlarini namoyish qilish bilan birga sohaning dolzarb masalalarini birgalikda muhokama qilgan, tajriba almashilib, oʻzaro manfaatli shartnomalar imzolangan edi. Oradagi ichida asalari paketlari va asal yetkazib berish, ishlab chiqarish materiallarini oʻzaro ayirboshlash boʻyicha kelishuvlar oʻz ijrosini topdi.
— Biz yetishtirayotgan asal oʻziga xos jihati bilan ajralib turadi, —deydi Qirgʻiziston Respublikasi Jalolobod viloyatining Aksu tumanidan kelgan Umidbek Poʻlatov. — Asalarilarni asosan kiyik oʻti va beda gullari bilan oziqlantirganimiz uchun olayotgan bolimizning taʼmi boshqacha, shifobaxshlik darajasi yuqori. Bulturgi festivalda “Eng yaxshi asal va asalarichilik anjomlari” nominatsiyasi boʻyicha birinchi oʻrinni egallagan edik. Bugun 26 turdagi mahsulotni koʻrgazmaga qoʻydik.
Katta maydondagi bayram koʻrgazmasida mahalliy asalarichilar namoyishga qoʻygan mahsulotlar turining koʻpligi, taʼmi bilan eʼtiborni tortadi. Mehmonlar ular bilan tanishish jarayonida xushboʻy neʼmatdan totib koʻrib, oʻz baholarini berishlari mumkin. Koʻpchilik ogʻziga yoqqan bolni oilasi uchun xarid qilmoqda.

Tashkilotchilarning aytishiga qaraganda, uch kun davom etadigan festivalga hamyurtlarimizdan tashqari besh mingga yaqin xorijiy sayyohlar ham kelishi kutilmoqda. Barcha darajadagi tomoshabinlarning tashrifi mazmunli oʻtishi uchun rang-barang tadbirlarga boy bayram mundarijasi ishlab chiqilgan. Birinchi kunning oʻzida koʻrgazmalardan tashqari “Oʻzbek palovi madaniyati” oshpazlar chempionati tashkil etiladi. “Oʻzbekistonda asalarichilikning hozirgi ahvoli va uni rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi seminarga mahalliy asalarichilar bilan birga xorijiy ekspertlarni ham qamrab olish koʻzda tutilgan.
В2В formatidagi biznes uchrashuvlarda oʻzaro tajriba almashilib, istiqbolli kelishuvlar imzolanadi. Madaniy koʻngilochar dasturlar toʻplamidan esa milliy liboslar koʻrgazmasi, ommaviy oʻyinlar, askiya kechasi, taniqli xonanda va estrada ijrochilarining chiqishlari oʻrin olgan. Yakunda festivalning faol ishtirokchilariga bir qator nominatsiyalar boʻyicha mukofot va sovrinlar topshiriladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring