AQSHlik kongressmenlar Meksikada maxsus operatsiya boshlashga chaqirdi
Illyustrativ foto
AQSHning respublikachi kongressmenlari Den Krenshou va Mayk Uols Vashingtonni Meksikada narkotik kartellariga qarshi kurashish uchun harbiy maxsus operatsiya oʻtkazishga chaqirdi. Bu haqda Amerikaning “Politico” jurnali yozmoqda.
Amerikalik parlamentariylar giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish maqsadida qoʻshni davlatda harbiy kuch ishlatishga ruxsat beruvchi tegishli qonun loyihasini taklif qilishgan. Ularning fikricha, meksikalik kartellarga “Iroq va Shom islom davlati” (ISHID) terrorchilik guruhi bilan bir xil munosabatda boʻlish kerak.
Oʻz navbatida, AQSH prezidenti Jo Bayden, aksariyat demokratlar singari, Meksikada harbiy kuch ishlatish va narkotik kartellarini terrorchi tashkilotlar sifatida tan olish gʻoyasini rad etdi.
AQSH Armiyasi generali Mark Milli ham Meksikaga qoʻshin kiritilishiga qarshi boʻlib, narkotik moddalar savdosiga qarshi kurash harbiylarning emas, huquq-tartibot idoralarining vazifasi boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari maʼlumotlariga koʻra, 2021-yil avgustidan 2022-yil avgustigacha 107,700 nafardan ortiq amerikaliklar giyohvand moddalar bilan zaharlanish oqibatida hayotdan koʻz yumgan. Bu oʻlimlarning 66 foizi sintetik opioidlar (ular, asosan, Meksikadan yetkazib beriladi) bilan bogʻliq.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring