AQSH va Eron oʻrtasidagi muzokaralar qachon boshlanishi maʼlum boʻldi
Pokistonning Islomobod shahrida AQSH va Eron oʻrtasidagi muzokaralar 11-aprel kuni boshlanadi. Ular bir necha kun davom etishi kutilmoqda. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Nashr suhbatdoshining qayd etishicha, uchrashuv yopiq formatda oʻtadi. Muzokaralarni Serena mehmonxonasida oʻtkazish rejalashtirilgan, hozirda obyekt AQSH va Eron delegatsiyalarini qabul qilishga tayyorlanmoqda.
Bundan oldin (8-aprel kuni) Pokiston Axborot va teleradioeshittirish vazirligi muzokaralar bilan bogʻliq tadbirlarga kirish uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirish maqsadida Islom Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy OAV vakillarining maʼlumotlarini soʻrab oldi.
Islomobodda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Hukumat binolari majmuasi joylashgan “Qizil hudud” va unga tutash hududlar maxsus transportlardan tashqari barcha turdagi transport vositalari uchun toʻliq yopilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, muzokaralar oʻtkazilishi munosabati bilan Pokiston poytaxtida 9 va 10-aprel kunlari dam olish kunlari deb eʼlon qilindi. Shahar maʼmuriyatining bildirishnomasiga koʻra, huquq-tartibot idoralari, tibbiyot muassasalari va kommunal xizmatlar odatiy tartibda ishlashda davom etadi. Islomobod aholisiga oʻz ish jadvallarini ushbu oʻzgarishlarni hisobga olgan holda rejalashtirish tavsiya etilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Amerika yetakchisi Donald Tramp Hoʻrmuz boʻgʻozi zudlik bilan ochilishi sharti bilan AQSH Eronni bombardimon qilishni ikki haftaga toʻxtatishini maʼlum qilgan edi.
Eron hukumati sulhga roziligini tasdiqladi. Tehronning rasmiy bayonotida aytilishicha, mamlakat “buyuk gʻalabaga erishdi va jinoyatchi Amerikani oʻzining oʻn banddan iborat rejasini qabul qilishga majbur etdi”.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi alohida xabarida ikki hafta davomida kemalar Eron harbiylari bilan oʻz harakatlarini muvofiqlashtirgan holda Hoʻrmuz boʻgʻozi orqali oʻtishlari mumkinligini tasdiqladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu maʼmuriyati yahudiy davlati AQSH Prezidenti Donald Trampning Eron bilan ikki haftalik sulh tuzish qarorini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring