“Aqlli hisoblagich”ga chap bergan “uddaburon”lar

18:03 08 Fevral 2023 Jamiyat
1006 0

Foto: Xalq so‘zi

Respublikamizda tabiiy gaz isteʼmolining aniq hisobini yuritish, bunda inson omilini qisqartirish orqali shaffoflikni taʼminlash, debitor qarzdorlikni kamaytirish maqsadida avtomatlashtirilgan tizimning joriy etilishi ayni muddao boʻlmoqda Jumladan, tabiiy gazdan foydalanadigan aholi xonadonlariga “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati mablagʻlari hisobidan “aqlli” hisoblagichlar oʻrnatilmoqda.

Hozirga qadar Surxondaryo viloyatida 117 ming 920 ta xonadonga zamonaviy hisoblagich oʻrnatildi. Undan foydalanish, hisoblagichga tashqi taʼsir yetkazish mumkin emasligi borasida muntazam ravishda tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda. Shunga qaramay, baʼzi isteʼmolchilar orasida “zangori olov” uchun oʻz vaqtida toʻlov qilish oʻrniga oʻzboshimchalik bilan uni yechib qoʻyish, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari uchrayotgani sir emas.

«Hududgaz Surxondaryo» gaz taʼminoti filialining jismoniy shaxslarga tabiiy gazni yetkazib berishni nazorat qilish boʻlimi xodimlari tomonidan muntazam ravishda «Veb billing» dasturi orqali aholining kunlik isteʼmol qiladigan tabiiy gaz hajmlari tahlili olib boriladi. “0” koʻrsatkich qayd etilgan “aqlli” hisoblagichlar tahlil qilinganda, birgina 2023-yilning yanvar oyida viloyat boʻyicha 34 ta aholi xonadonida gaz hisoblagichlar isteʼmolchilar tomonidan oʻzboshimchalik bilan yechib qoʻyilib, rezina shlang orqali tabiiy gazdan foydalanilgani aniqlandi. Soha xodimlari tomonidan oʻsha vaqtning oʻzida ushbu xonadonlardagi gaz taʼminoti tarmoqdan uzilib, tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi.

Shunday qilib, bir oyning oʻzida ayrim “uddaburon”lar tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish evaziga 65 ming 187 metr kub gaz oʻzboshimchalik bilan sarf qilingan va oqibatda taʼminot korxonasiga yaxshigina moddiy zarar yetkazilgan.

Yaqinda yurtimizda kuzatilgan anomal sovuq energetika taʼminotidagi bir qator muammolarni yuzaga chiqardi. Jumladan, tabiiy gaz taʼminotida yuz bergan uzilishlar aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻldi. Ammo ayni jarayon isteʼmol madaniyatiga rioya qilgan holda foydalanilgan kommunal xizmatlar uchun vaqtida toʻlovlarni amalga oshirish borasida hali kamchiliklarimiz yetarli ekanini ham amalda koʻrsatdi. Binobarin, aholi oʻrtasida isteʼmolchilik madaniyatini oshirish, hisob-kitob tizimini yanada takomillashtirish energetika taʼminoti taqchilligini bartaraf etishning muhim shartlaridan biri ekanini unutmaslik lozim.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер