Aqliy o‘yinlarni ommalashtirishdan asl maqsad nima?
Maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroqlar chalindi, o‘qishlar asosan tugadi. Bitiruvchilar ko‘zlarida yosh bilan she’rlar o‘qishdi, ta’lim bergan ustozlarini ulug‘lashdi, ularga ta’zim qilib, gullar berishdi... Qisqasi, hayajonli, dilni orziqtiruvchi lavhalar.
Shunda to‘satdan qadimgi hind donishmandi, eramizning taxminan 113-213- yillarida yashagan faylasuf Nagarjuna aytib ketgan so‘zlar yodimga keldi: ”Mehribon, maslahatgo‘y ustozlarni ular sen uchun nimalardan voz kechganlariga qarab, ajratib olish mumkin. Ulardagi shukronalik, hamdardlik, axloqiylik va qalban his etish g‘am-g‘ussaning yo‘lini to‘suvchi vositalardir”.
Bugun shogirdlarining kamolini ko‘rib, ko‘zlari yoshlanib turgan har bir ustoz ana shunday e’zozga loyiq , albatta.
Kamina Olotdagi ixtisoslashtirilgan maktabda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchiman, tabiiyki, ushbu tadbirda ishtirok etdim. Aslida mana shu maqolaning yozilishiga ham aynan shu marosimdagi bir voqea, aniqrog‘i, ko‘pchilik uncha e’tibor ham bermagan, oniy tezlikda o‘tib ketgan bir manzara sabab bo‘ldi.
Xullas, bitiruvchi qizlardan biri ingliz tilida ravon gapirib, muallimasini tabrikladi, minnatdorchilik bildirib, guldasta taqdim etdi. Bu go‘yoki odatdagi bir voqea edi: harqalay, bu ixtisoslashgan maktab. Muallima menga yaqinroq turgandi, bitiruvchi qizni maqtab qo‘ydim:
- Bilimli ekan, barakalla!
- Ha, “S-1” bor bu qizda! - dedi muallima mamnuniyat va faxr bilan. Rosti, hayron qoldim. Qosir aqlim bilan anglaganim shuki, bu daraja odatda ingliz (farang, nemis, italyan va h.z.) tilini yaxshi biladigan o‘qituvchilarga beriladi. “S-1” maqomini olgan muallimning oylik maoshiga ikki baravar ustama qo‘yiladi. Demak, bu bitiruvchi qiz havas qilsa arzigulik darajada bilimli! Ana shular barobarida ko‘nglimdan tag‘in bir fikr kechdi: shu kabi o‘smirlar o‘z ona tilimizni, millat va yurt tarixini qanchalik bilishar ekan? Boyagina qalbimda charaqlab turgan quyoshning bir chetini bulut bosgandek bo‘ldi...
So‘nggi paytlarda “Zakovat” intellektual o‘yinlari urfga kirib boryapti. Mening ko‘p yillik orzuyim edi bu! Nafaqat yoshlar, hatto o‘rta yoshli va kattalar ham qiziqib qolishdi bu o‘yinga. Juda quvonarli hol. Ertangi kun aqlli odamlar qo‘lida, bu kunday ravshan haqiqat. O‘zim ham uch-to‘rtta dildosh oshnalar bilan bir guruh tuzib, qatnasha boshladim. Hatto yaqinda Qarshi shahrida o‘tgan saralash o‘yinlarida ham ishtirok etib qaytdik.
Ochig‘i, yoshlarning ilmga chanqoqligi, fikrlash tezligi, shaxdu shiddati havas qilishga loyiq. Ular bugungi davr imkoniyatlaridan juda unumli foydalanishadi. Beriladigan savollar ham ancha tagdor va jiddiy o‘ylashni talab etadi. Faqat bir istihola yana injiq ko‘nglimni bezovta qila boshladi: nega savollar nuqul Amerika va Yevropa tarixi, adabiyoti, san’ati, sportiga taalluqli? Masalan, Qarshidagi o‘yinlarda yuzta savol o‘ynalgan bo‘lsa, shuning kamida saksontasi milliy o‘zligimizga umuman aloqasi bo‘lmagan savollar edi. Nega bunday? Bugungi o‘zbek yigit-qizlari, aytaylik, “Real” yoxud “Barselona” klublaridagi qaysidir futbolchining nomini yoki raqamini bilmasa, ayb sanaladimi? Buyuk Turk hoqonligining tarixi, Mashrabning axloqiy-tasavvufiy qarashlari, Mingtepa (hozirgi Marhamat tumani)da bo‘lib o‘tgan Dukchi eshon qo‘zg‘oloni sabablari va oqibatlari, O‘zbekistonni salkam chorak asr boshqargan Sharof Rashidovning hayoti va ijodini bilmasa-chi? Farmonbibining gaplari beixtiyor qulog‘im ostida jaranglay boshladi: “Eh odamlar, agar xo‘rozqand chet elniki bo‘lsa, yotib olib yalashadi!”
Aqliy o‘yinlarni ommalashtirishdan asl maqsad nima o‘zi? Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishmi? Ha! Ularni ilm izlashga undash, kitobga qiziqtirishmi? Ha! Shiddat bilan rivojlanib borayotgan dunyodan ort qolmaslikka rag‘batlantirishmi? Ha! Bularning bari to‘g‘ri. Ammo, farzandlarimiz butun dunyo tarixidan chuqur xabardor bo‘lishsa-yu, o‘z tariximiz, milliy qadriyatlarimiz, ming yillik ildizlarimizni bilishmasa, unda bunaqa aqldan kimga foyda?
Ilmu ma’rifat qachonki millatga xizmat qilsagina, u qimmatlidir.
Abdunabi HAMRO.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring