Antikorrupsiya agentligi Toshkent shahar hokimligini eng “yopiq” davlat organi deb topdi
Oʻzbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2025-yil yakunlari boʻyicha “Ochiqlik indeksi” natijalarini eʼlon qildi.
Mazkur indeks davlat organlari va tashkilotlarida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholaydi. Unda 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy hokimiyat organlari ishtirok etdi.
Baholash 84 ta mezonni oʻz ichiga olgan 8 ta koʻrsatkich asosida, 0 dan 100 ballgacha boʻlgan shkala boʻyicha hisoblanadi. Natijalar quyidagi toifalarga boʻlindi:
“Yashil” toifa (yaxshi) — 66 ta tashkilot;
“Sariq” toifa (qoniqarli) — 22 ta tashkilot;
“Qizil” toifa (qoniqarsiz) — 9 ta tashkilot.
Agentlikning qayd etishicha, birinchi baholash davri (2022-yil) bilan solishtirganda, “yashil” toifadagi tashkilotlar soni 3,5 baravarga, “sariq” toifadagilar 2 baravarga oshgan boʻlsa, “qizil” toifadagilar soni 3 baravarga qisqargan.
Eng “ochiq” deb topilgan tashkilotlar: “Oʻzbekgidroenergo”, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Oʻzavtosanoat”, Transport nazorati inspeksiyasi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” va Raqamli texnologiyalar vazirligi.
Eng “yopiq” tashkilotlar qatorida: Toshkent shahar hokimligi, Andijon viloyati hokimligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari”, Toshkent viloyati hokimligi hamda Oʻrmon xoʻjaligi va koʻkalamzorlashtirishni kengaytirish va choʻllanishga qarshi kurashish agentligi qayd etildi.

Kelajakda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ochiqlikni baholash tizimini tizimning quyi boʻgʻinlarida ham joriy etishni rejalashtirmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring