Angliyada koronavirusdan vafot etgan dastlabki shifokorlarning nega barchasi osiyolik va afrikalik? Yoxud tarixiy notenglik yana kuchayadimi?
Buyuk Britaniyada “tojdor virus“ infeksiyasi bilan kasallanib hayotdan koʻz yumgan dastlabki 10 nafar shifokorning barchasi asli Osiyo, Afrika va Yaqin Sharqdan ekanligi aniqlandi. Britaniya tibbiyot uyushmasi rahbari(NHS) Chaand Nagpol hukumatni nega aynan osiyolik, afrikalik va Yaqin Sharqdan kelib chiqqanlar COVID-19ga boshqalarga nisbatan koʻproq chalinayotganini aniqlashga chaqirdi. Bu haqda Guardian gazetasi maʼlum qildi.
Aytib oʻtilganidek, halok boʻlgan dastlabki 10 nafar vrachning barchasi asli kelib chiqishi Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikadan boʻlgan yoki ularning avlodlaridir. Qayd etilishicha, milliy sogʻliqni saqlash tizimida milliy ozchilik vakillari koʻpchilikni tashkil etadi. Yaʼni tibbiyot xodimlarining 44 foizi aynan shu qatlam vakillaridir.
Maʼlumot uchun, Angliya va Uels umumiy aholisining 14 foizini aynan shu toifadagi insonlardan iborat.
Chaand Nagpol vafot etgan dastlabki 10 shifokorning barchasi aynan shu qatlam vakillari ekanligi “oʻta xavotirli“ ekanligini bildirgan.
“Bir qarashda bu qanday sodir boʻlganini tushunish qiyin“, — dedi u. — Boz ustiga, jonlantirish boʻlimida yotganlarning qariyb uchdan bir qismini ham milliy ozchilik tashkil etadi. Ushbu guruhdagi odamlar orasida kasallanganlar foizi ham nomutanosib tarzda yuqori ekanligidan ham xabarimiz bor“.
“Virus odam tanlamasligi haqida ham eshitdik. Biroq milliy ozchilikka mansub odamlar va vrachlar orasida virusga chalinishi koʻp ekanligi kuzatilmoqda. Bu muammo hal etilishi shart, hukumat hozirdan harakatni boshlashi kerak“, — deya qoʻshimcha qilgan uyushma boshligʻi.
Vafot etgan 10 nafar shifokordan tashqari yana hayotdan koʻz yumgan olti nafar hamshiradan uch nafari, bundan tashqari, shifoxona farmatsevti va tibbiy yordamchi ham milliy ozchilik vakillaridir. Buyuk Britaniyada oʻlim holatlarining milliy kelib chiqish boʻyicha koʻrsatkichlari shu paytgacha eʼlon qilinmagan edi. Biroq olib borilgan tadqiqotlar boʻyicha shu hafta berilgan maʼlumotlarga koʻra, intensiv terapiya boʻlinmalarida halok boʻlgan qariyb 2000 nafar bemorning 35 foizi tub aholi vakili emas.
Nagpol milliy ozchilikka mansub tibbiyot xodimlari oʻz hamkasblarining oʻlimi ularni xavotirga solayotganini aytgan. NHS rahbari bu borada hali aniq izoh berishga erta boʻlsa-da, tekshiruvlar olib borish lozimligini taʼkidlagan.
Uning taxminicha, milliy ozchilikdan chiqqan doktorlarning individual himoyaning noodatiy vositalari boʻyicha shikoyat qilishga unchalik qodir emasliklari ularni shu xavfga duchor qilgan. Vaholonki, boshqa tibbiy xodimlar aynan shu boʻyicha juda koʻp norozilik bildirishgan.
“Rahbariyat milliy ozchilikka mansub vrachlarni tub aholidan chiqqan hamkasblariga nisbatan tez-tez tahqirlaydi va taʼqib qiladi, — deydi u. — Ular ayblanishlaridan qoʻrqib, boshqalarga nisbatan ikki barobar kam shikoyat qilishadi“.
U hayotdan koʻz yumgan milliy ozchilikka mansub shifokorlarning faqat bir nafari xorijdan kelgani, qolgani shu yerda tugʻilib, butun umrini boshqalarning hayotini saqlab qolish uchun sogʻliqni saqlash tizimiga baxshida etgani bildirar ekan, bu qatlamdan chiqqan vrachlarning oʻlimi aynan shu tomondan ham kishini xafa qilishini qoʻshimcha qilgan.
Nagpol oʻz jonini qurbon qilgan etnik ozchilik shifokorlarining koʻpchiligi hayotiy sharoitlari tufayli oʻz ish joylarida qolishga majbur boʻlgani, bu esa intensiv terapiya boʻlinmalarida ularning nomutanosib ishtirokiga olib kelganini qayd etdi.
“Ularning ichida uyida qolmay, oʻzini xatarga qoʻyib, boshqalarning hayotini saqlab qolishga qodirlar koʻpchilikni tashkil qiladi, — deydi u. — Agar mazkur holatga bunday odamlar bir uyda koʻplab qarindosh-urugʻlari bilan birga turishini qoʻshsak, ular ish joyidan infeksiyani olib kelib, oilasining bir necha nafar oilasiga yuqtirish ham mumkin“.
Uyushma rahbari, shuningdek, tub aholi vakillariga nisbatan milliy ozchilik orasida qandli diabet, yurak va buyrak xastaliklari ham keng tarqalganini taʼkidlagan. U mavjud notenglik inqiroz paytida yana-da chuqurlashishiga urgʻu bergan. “Koronavirus milliy ozchilik hamon duch kelayotgan tarixiy notenglikni kuchaytirib yuborishi mumkin“, — degan u.
Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot departamenti esa bunga javoban jamiyatning barcha aʼzolarini himoya qilish boʻyicha kuchaytirilgan ishlar olib borilayotganini maʼlum qilgan. Xususan, oʻz veb-saytida Buyuk Britaniyadagi barcha 30 million uy xoʻjaliklari orasida tarqatilgan axborot varaqalari tarjimalari bilan joylashtirilganini bildirgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring