Andijonliklarning tashabbuslari qanot yozmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi bir guruh deputatlar va partiya faollaridan iborat ishchi guruh Andijonda boʻlib, tomorqa egalarining faoliyatini, tadbirkoru fermerlarga karantin vaqtida yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlarni oʻrgandilar. Muloqotlar davomida kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarga tomorqadan foydalanish va shu orqali oila daromadini oshirish boʻyicha tavsiya va amaliy koʻmaklar berildi.
OʻzLiDePqoshida “Ustoz-shogird” anʼanasi boʻyicha mahorat darslari tashkil etiladi
Manzuraxon Egamova andijonlik partiya fidoyilaridan. Jalaquduq tumanidagi 40-Qatortol okrugidan saylangan deputat hamisha uygʻoq. Islohotlarga befarqlik unga yot. Karantin vaqtida tomorqalar faoliyatiga alohida eʼtibor berilayotgani Manzuraxon Egamovaga ham shijoat bergani tayin. Saylov okrugidagi “Oʻzbekiston 5 yilligi” MFYdagi qarovsiz turgan yer maydoniga ishlov berib, 30 sotixli issiqxona qurdi. Mahalladagi vaqtincha ishsiz qolgan 10 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi. Bugun bu yerda yetishtirilgan pomidor va bodring ichki bozorda xaridorlarini topib ulgurdi.
Deputat yerning talon-tjrojligiga tez surʼatlarda chek qoʻyish zarur, deb hisoblaydi. “Yerdan unumli foydalanish kerak. Bir kaft joyni ham qarovsiz tashlab qoʻyish yerga nisbatan xiyonat”, deydi u.
Spiker oʻrinbosari boshchiligidagi ishchi guruhning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida M.Egamovaning qishloq xoʻjaligi sohasidagi faoliyatiga yuqori baho berilib, soha rivoji uchun bildirgan takliflari qoʻllab-quvvatlandi. Uzoq yillar viloyat hokimi oʻrinbosari, tuman hokimi lavozimlarida sidqidildan mehnat qilgan deputatning bugungi faoliyati ham xalq manfaatlari, aholi muammolarini bartaraf etish bilan chambarchas bogʻlangan. Muloqotlarda partiya faoliyati yuzasidan ham takliflar bildirildi.

— Partiya qoshida “Ustoz-shogird” anʼanasi boʻyicha mahorat darslari tashkil etilishi kerak, — deydi M.Egamova. – Sohada malakali siyosiy elita vakillari va Yoshlar qanoti faollari ishtirokidagi munozaralar, debatlar yangi tashabbuslar, yangi gʻoyalar, yangi loyihalar tugʻilishiga xizmat qiladi.
Maktablarda “Salomatlik darslari” tashkil etilishi zarur
Mazkur taklif Xoʻjaobod tumanidagi “Nil granit” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoshidagi boshlangʻich partiya tashkilotida tashkil etilgan davra suhbatida qoʻllab-quvvatlandi.
-Umumtaʼlim maktablarining 1-sinflaridan boshlab to 11-sinfga qadar “Salomatlik darslari” qatʼiy tizimga kiritilsa, farzandlarimiz yarim tibbiyot xodimi sifatida shakllanib ulguradi, — deydi deputat. – Dars mashgʻulotlari tibbiyot oliygohlarining tibbiy pedagogika yoʻnalishlarini tamomlagan mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Bolalar bolalikdan turli xastaliklarga nisbatan oʻzlari himoyalanishni oʻrganadilar.
Taklif ayni pandemiya vaziyatidan kelib chiqib qaralganda oʻrinli. Xastalikni davolagandan koʻra oldini olgan maʼqul.
Xalq noibi tomonidan bildirilgan takliflar orasida yana biri eʼtiborni tortdi.

— Boʻsh turgan qarovsiz yerda “OʻzLiDeP deputatlar bogʻi” tashkil qilinishi maqsadga muvofiq. Bogʻning yer maydoni deputatlar tomonidan parvarishlanib, mevali va manzarali koʻchatlar ekilsa... har bir xalq noibining oʻz daraxti boʻlsa... – deputat tashabbusi bevosita yana yerdan unumli foydalanish, bir qarich yerni ham boʻsh qoldirmaslik masalalariga tutashib ketadi.
“Deputatlar kutubxonasi” faoliyatini yoʻlga qoʻyish kerak. Har bir deputat mazkur kutubxonani kitob javonidagi oʻzbek va jahon adabiyotlari bilan toʻldirib, har haftaning maʼlum kuni mutolaa kuni deb belgilansa, ham maʼnaviy, ham amaliy natijalar kengayadi. Ochigʻini tan olish kerak, ayrim hollarda kitob oʻqishga fursat boʻlmaydi. Oila, ish faoliyati, saylovchilar muammolari yechimi bilan bandlik xalq noiblariga qator masʼuliyatli vazifalar yuklashi bor gap. Mazkur taklif qoʻllab-quvvatlansa, shu bahona mutolaaga ham vaqt ajratiladi, kitoblar borasida deputatlar orasida bahs-munozaralar qilishga imkon beradi.
Asakaliklar tomorqachilikning hadisini olishgan
“Obod turmush orzusi“fermer xoʻjaligi 2015-yilda tashkil etilgan. 2017-yilda toʻla klaster tizimiga oʻtgan fermer xoʻjaligida ayni vaqtda 80 nafar fuqaroning bandligi taʼminlangan. Tumandagi barcha fermer xoʻjaliklari bilan tuzilgan shartnomaga asosan bu yerda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qayta ishlanib, eksportga yoʻnaltiriladi. Spiker oʻrinbosari boshchiligidagi ishchi guruh korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, tajribalarni ommalashtirish zarurligini alohida taʼkidladi.
— Fermer xoʻjaligimiz qoshidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash korxonamiz ayni vaqtda tumandagi 90 foiz fermer xoʻjaliklari bilan shartnoma imzolagan, — deydi Xusniddin Karimov. – Bugunga kelib yer maydonlarida yetishtirilgan karam, bodring, bulgʻor qalampiri, pomidor mahsulotlarini qabul qilish ishlarini jadal boshlaganmiz. Ayni pandemiya davrida korxonamiz faoliyatini karantin qoidalariga toʻla amal qilgan holda olib bordik. Tadbirkorlarga yaratib berilgan imtiyozlardan foydalandik.
Ishchi guruh aʼzolari bu yerda toʻplangan muayyan tajribani boshqa fermer xoʻjaliklarida ham ommalashtirish zarurligini alohida taʼkidladilar.
Toʻrt sotix tomorqadan bir mavsumda 8 million daromad olish rejalashtirildi
Ishchi guruh Asaka tumanida davlatimiz rahbari tomonidan aholi tomorqalaridan samarali foydalanish boʻyicha qabul qilingan qarorlar asosida amalga oshirilgan bir qator muhim tashkiliy tadbirlar bilan tanishdi.Kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarga tomorqadan foydalanish va shu orqali oila daromadini oshirish boʻyicha tavsiya va amaliy koʻmaklar berildi.
Muhayyoxon Tojiboyeva yolgʻiz ona. Asaka tumani “Bahrin” mahallasidagi Hurriyat koʻchasi 72-uyda istiqomat qiladi. Boquvchisini erta yoʻqotgach, roʻzgʻorning bor yukini yelkasiga olgan ayol uzum parvarishiga mehr bergan. Muqim ish joyi boʻlmagach, bor eʼtiborini tomorqasiga qaratdi. 4 sotixdan iborat tomorqasida 30 tup uzum, 2 tup oʻrik, 3 tup gilos, 1 tup olma daraxtlaridan olinayotgan hosil oilaga daromad olib kirishda asosiy koʻmakchi. 2,5 sotix uzum qator oralarida parvarishlanfyotgan kartoshka ekinlari roʻzgʻorning bir tomonini koʻtaryapti.

Oʻtgan yilda tomorqa egasining astoydil saʼy-harakatlari yaxshigina kirimga sabab boʻldi. Yetishtirilgan 1 tonna uzumning 1 kilogrammini 300 soʻmdan xaridorlar talashib-tortishib olishdi. M.Tojiboyeva 3 million soʻm daromadni ushbu yilda 8 million soʻmga koʻtarish rejasi bilan astoydil harakat qildi. Qanday qilib? 1,2 tonna uzum, 500 kilogramm kartoshka, 50 kilogramm oʻrik, 50 kilogramm gilos hosilidan koʻzlangan daromad bu!
Parvarish qilinayotgan 1 bosh qoramolning sutga “kirishi”ga hali ancha bor. Demak, ayni vaqtda xonadonning asosiy daromadi tomorqa ekinlari. Ammo mevalarning pishiqchiligi ham bir zumda oʻtadi-ketadi. Yerga sovuq tushishi bilan oilaning daromadi yoʻqolishi tabiiy.
Demak, koʻmak kerak! Masʼullar fuqaroning tortinib aytolmayotgan “dardi”ni yashash sharoitini oʻrganish asnosida tez ilgʻadilar. Imtiyozli kredit hisobiga qurib berilishi vaʼda qilingan 1 sotixli issiqxona oilaning daromad manbaini oshirish maqsadini oʻzida ifoda etdi.
1 sotixli issiqxona, 100 ta joʻja parvarishi kelgusida asakalik ehtiyojmand oila daromadini oshirishga xizmat qiladi
Bahrom Muhammadiyev Asakaning “Bahrin” mahalla fuqarolar yigʻinida 11 nafar kam taʼminlangan oilalar roʻyxatida turadi. Asosiy daromad manbai — tomorqa ekinlari. Xonadonidagi 4 sotixdan iborat tomorqasida yetishtirilayotgan 50 tup anor, 2 tup gilos koʻzni quvnatadi. Daraxtlar oralarida kartoshkayu rezavorlar boʻy koʻrsatib turibdi. Yerga astoydil mehr berilishi yaqqol namoyon.
Bahrom Muhammadiyev yer bilan tillashaverib, haqiqiy dehqonga aylangan. Allaqachon hosilidan olinadigan daromadini hisob-kitob qilib ulgurgan. Masalan, joriy yildagi daromadini anor hosili tashkil qiladi. 50 tup anor daraxtidan 250 kilogramm hosil olishni niyat qilgan. Xaridorlar 1 kilogramini 5000 soʻmdan sotib olishadi. Bu degani 1 million 250 ming soʻm mablagʻning oilaga kirishi, degani. Ammo ochigʻi, boshqa hech qanday kirim yoʻq! Yetishtirilayotgan kartoshka va koʻkatlar roʻzgʻordan ortmaydi.
Fuqaro xonadoniga amaliy yordam kerak. Aytaylik, issiqxona faoliyatimi... Tomorqachilikning boshqa qaysidir yoʻnalishidami, xullas, doimiy bandligini taʼminlash va daromadini oshirish juda zarur. Ishchi guruh aʼzolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Odinaxon Otaxonova hamda Begali Qodirovlar bu borada aniq tashabbuslarni ilgari surdilar. Xonadon tomorqasiga B.Qodirov tomonidan 1 sotixli issiqxona qurib beriladigan boʻlgan boʻlsa, O.Otaxonova mazkur oilani ijtimoiy himoyaga oldi.
-Anchadan buyon issiqxona qurish xayolida yurgandim, — deydi B.Muhammadiyev. – Ammo sira roʻzgʻor kamlaridan ortinib, mablagʻ yigʻolmayotgandim. Bugungi tashrifdan juda xursand boʻldim. 1 sotixli issiqxona faoliyati bilan nafaqat bandligim taʼminlanadi, daromadim ham ortadi.
Bundan tashqari, ishchi guruh tomonidan fuqaro oilasiga koʻmak sifatida berilgan 100 ta joʻja parvarishi ortidan ham yaxshigina daromad topish mumkin.
Fermer xoʻjalik qoshida asalarichilik mutaxassislari tayyorlovchi oʻquv markazi ish boshladi
Asakaliklar tomorqadan unumli foydalanishni yaxshi biladilar. Ularning tajribalari, koʻnikmalari namuna qilib koʻrsatishga arziydi. Ishchi guruhning navbatdagi manzili asalarichilik fermer xoʻjaligi boʻldi. Tadbirkorning fikrlari tashabbuslarga qanot boʻlmoqda.
-Faoliyatimiz avvalida tumanimizdagi asalarichilik bilan shugʻullanuvchi aholi vakillari bilan suhbatlashdik. – deydi “Oltin asalari Agro” MCHJ Dilmurod Chekalov. – Ular bilan kelishilgan holda asalari parvarishi bilan shugʻullanuvchi ishchilar yordamini beradigan boʻldik. Yil oxiriga kelib ulardan mahsulotni qabul qilib olamiz. Oʻz navbatida asalni qayta ishlab, qadoqlab, ichki va tashqi bozorga yoʻnaltiramiz.
Tadbirkor faoliyatini kengaytirishi natijasida yangi tashabbuslar qanot yozdi. Masʼuliyati cheklangan jamiyat qoshida asalari parvarishi bilan shugʻullanuvchi maxsus mutaxassislar tayyorlovchi oʻquv markazi ish boshladi. Bu yerda taʼlim oluvchilarning bilim va koʻnikmalari yoʻnalishdagi ishlarni rivojlantirish, yangi zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilish bilan oshiriladi.
Oʻrganish ishlari endilikda partiya viloyat Kengashi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan davom ettirilmoqda.
Zilola RAHMONOVA,
jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring