Andijonga gaz qachon kelgan?

09:56 17 Mart 2021 Iqtisodiyot
1086 0

«Andijon shahriga ilk bor tabiiy gaz tarmogʻi 1943-yilda kelgan,  —deya xotirlaydi jurnalist Qobiljon Asqarov «Hududgaz Andijon» gaz taʼminoti filiali tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida. –Tarmoq Buloqboshi tumanidagi «Kulla» qishlogʻi orqali Andijon shahridagi harbiy sanoat hududida joylashgan zavodlarga olib kelingan. Bungacha masofada boʻlgan Hakan qishlogʻidagi yuzlab xonadonlar shu tariqa gazlashtirilgan».

Tan olish kerak, oradan oʻtgan yillar davomida nafaqat, viloyat markazida, balki, tuman va shaharlarda ham bu boradagi vaziyatni turlicha baholash mumkin. Nega? Bu kabi savollarda Matbuot anjumanida doirasida javob berildi. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, ayni paytda viloyatda 423 ming nafardan ortiq isteʼmolchilarga 584 ming donadan ziyod maishiy gaz ballonlari orqali suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Isteʼmolchilarning gaz ballonlar bilan taʼminlanganlik darajasi 137% ga yetkazilgan. Barcha isteʼmolchilarga 3 ta gaz toʻldirish stansiyasi va shoxobchalari orqali suyultirilgan gaz yetkazib berish yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu gaz toʻldirish shoxobchalarining oylik gaz toʻldirish quvvati 3000 tonna va gaz saqlash quvvati 285 tonnani tashkil etadi. Bir vaqtning oʻzida 28 ta maxsus gaz tashish avtotransportlariga xizmat qilish imkoniyatiga ega. Isteʼmolchilarga jami 89 dona maxsus maishiy gaz balloni tashuvchi avtotransportlar xizmat koʻrsatmoqda.

— Viloyatimizdagi aholi xonadonlari va boshqa turdagi isteʼmolchilarga oʻtgan yili 61 ming 162 tonnadan ziyodroq suyultirilgan gaz yetkazib berilgan boʻlsa, joriy yilning 15-martiga qadar 13 ming 792 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi, — deydi filial direktori Davronbek Salohiddinov. — Isteʼmolchilarga suyultirilgan gazni yetkazib berish uchun moʻljallangan mavjud 89 ta avtotransport vositalari nazorat tarozilari bilan toʻliq taʼminlandi. Endi har bir isteʼmolchida oʻzi olayotgan maishiy gaz ballonini almashtirish vaqtida tortib olish imkoniyati mavjud. Suyultirilgan gazni yetkazib berishni onlayn nazorat qilish tizimiga oʻtishga tayyorgarlik jarayoni boʻyicha mavjud 783 ta MFYda istiqomat qiluvchi 423 737 nafar isteʼmolchiga 408 644 ID kartalar tarqatildi. Mavjud 584 433 dona maishiy gaz ballonlaridan 470 mingdan ortigʻiga bar-kodli stikerlar yopishtirildi va bu jarayon davom ettirilmoqda.

Raqamlar amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan darak beradi. Ana shunday amaliyotlardan biri «Aqlli gaz hisoblash uskunalari»ning oʻrnatilishidir. Anjuman davomida bu boradagi ishlarga alohida maʼlumot berildi:

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» qaroriga asosan Andijon viloyatida 221 013 ta xonadonga zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunalari oʻrnatilishi rejalashtirilgan, — deydi filial Matbuot xizmatining rahbari Akmaljon Xoliqov. — Shundan, 37 365 donasi koʻp qavatli uylarga, 177 404 donasi esa hovli uylarga oʻrnatilishi koʻzda tutilgan. “Aqlli” gaz hisoblash uskunalarini oʻrnatish dastlab Andijon shahridagi “Mustaqillikning 20 yilligi” MFY oʻramida joylashgan “Uchqoʻrgʻon” koʻchasida boshlangan boʻlib, shu kunga qadar viloyat boʻyicha 104 122 ta xonadonga hisobdonlar oʻrnatib boʻlindi. Oʻrnatilgan hisobdonlarning hovli uylarga TEGH J-6 rusumligidan 61 800 donasini tashkil etsa, 42 321 donasini esa koʻp qavatli uylarga oʻrnatilayotgan TEGH J-4 rusumli hisobdonlar tashkil qiladi.

Inson omilini qisqartirishda qoʻl keluvchi aqlli hisoblagichlar sim-karta oʻrnatilgan holda isteʼmolchiga foydalanishga topshirilmoqda. Sim-kartaning asosiy vazifasi ishlatilgan tabiiy gaz hajmi haqidagi maʼlumotlarni onlayn rejimda markaziy serverga uzatish hisoblanadi va shu orqali maʼlumot billing tizimiga avtomatik ravishda joylanadi. Shundagina isteʼmolchilarda toʻlov madaniyati oshishi bilan bir qatorda toʻlov tizimida shaffoflikni yuzaga keltiradi. Mazkur hisobdonlar yetkazib berilayotgan tabiiy gazni aniq hisob-kitob qilib boradi va isteʼmolchida noreal qarzdor boʻlishini oldini oladi. Shuningdek, hududdagi barcha xonadonlarda bir meʼyorda tabiiy gaz boʻlishini taʼminlaydi. Agar isteʼmolchida tabiiy gazdan qarzdorlik yuzaga kelsa, avtomatik tarzda avvalo SMS-xabarnoma yuboriladi. 3 kun ichida isteʼmolchi qarzdorlikni bartaraf etmasa, tabiiy gaz taʼminoti avtomatik tarzda toʻxtatiladi.

Filialning 1600 dan ortiq xodimlari tomonidan aholi va ulgurji isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berish uchun 5 675.56 km gaz tarmoqlariga xizmat koʻrsatilmoqda. Quvurlarning 770.6 km yuqori, 1561.8 km oʻrta hamda 3343.17 km past bosimli gaz quvurlari hisoblanib, 897.8 km yer ostida qolgan 4777.77 km yer ustida joylashgan. Shuningdek, jami 4649 dona gaz taqsimlash qurilmalari har yili bir marta texnik taftishdan oʻtkazilib kelinmoqda. Gaz taqsimlash qurilmalarining 659 donasi yuqori hamda 3990 donasi past bosimli GTQlar hisoblanadi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер