Andijonda qurilish sifati boʻyicha 5 mingga yaqin kamchiliklar aniqlandi

14:02 23 Dekabr 2022 Jamiyat
626 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 5-fevralda qabul qilingan “Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Andijon viloyatida qator ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, joriy yilning shu davriga qadar qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan viloyat shahar-tumanlaridagi 1 ming 673 ta qurilish obyektida 6 ming 601-marta monitoring tadbiri oʻtkazildi. Afsuski, bu tadbirlarda qurilish sifati bilan bogʻliq jami 4 ming 954 ta kamchilik aniqlandi. Oʻz navbatida bu kamchiliklarning 4 ming 634 tasi joyida bartaraf etildi. 317 ta holatda esa qurilish qatnashchilariga nisbatan huquqiy javobgarlik chorasi qoʻllanildi.

— Baʼzi qurilish tashkilotlari tomonidan belgilangan meʼyor talablariga rioya etmaslik holatlari kuzatilmoqda, — deydi Andijon viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boʻlim boshligʻi Akromjon Muxtorov.  — Masalan, ayrim barpo etilayotgan koʻp qavatli turar joy binolarida yuk koʻtaruvchi devor konstruksiyalari orasiga toʻr qoʻyishda loyiha talablariga rioya qilinmagan. Poydevorning tuproq bilan tutashgan joylaridagi izolyatsiyalar sifatsiz bajarilgan. Uylarning tom qismidan tushgan suv tarnovlari poydevordan qochirilmagan. Shoʻrlangan devorlarda qayta taʼmirlash ishlari amalga oshirilmagan. Ichki suvoq sifatli bajarilmagan va elektromontaj ishlari ham talab darajasida emas. Yuqori qavatlardagi balkonga chiqish joylari va lift shaxtalariga vaqtinchalik himoya toʻsiqlari oʻrnatilmagan.

Kuzatilgan bu kabi kamchiliklar yuzasidan quruvchi tashkilotlar oʻz vaqtida ogohlantirilgach, muammolar barham topdi. Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun inspeksiya tomonidan bunyodkorlik obyektlarida quruvchilar oʻrtasida tushuntirish ishlari davom ettirilmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер