Andijonda poyabzal ishlab chiqarish korxonasi soni yana bittaga ortdi
Foto: Xalq so‘zi
Andijon viloyatida poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari soni yana bittaga ortdi. Shahrixon tumanidagi “Elegant shoes and” MCHJ tomonidan tashkil etilgan yangi korxonada bir yilda 14 mlrd. soʻmlik 3 mln. juft oyoq kiyimlari ishlab chiqariladi.
— Hozirda 500 nafar kishini ish bilan taʼminlaganmiz va oʻndan ortiq turda sifatli va bejirim poyabzallar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik, - deydi korxona ish yurituvchisi Yahyobek Karimov. —Kelgusi yildan boshlab yana mingta ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Ilk mahsulotimizga qoʻshni davlatlardan buyurtmalar bor. Qisqa fursatda eksport salohiyatimizni 80 foizga yetkazishni koʻzda tutganmiz.
Andijon viloyatida charm poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishning oʻziga xos tajriba maktabi yaratilgan boʻlib, ayni paytda 200 ga yaqin korxona aynan shu yoʻnalishda faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan joriy yilning shu davriga qadar 510 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan boʻlsa, shundan 35 mln. dollarlik mahsulot xorijga eksport qilindi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring