Andijonda xotin-qizlar nega namoyish uyushtirmoqchi boʻldi?

19:49 11 Dekabr 2020 Jamiyat
2743 0

Surat ijtimoiy tarmoqlardan olindi

Respublikamizda kuz-qish mavsumi boshqa fasllarga nisbatan besaranjom oʻtadi. Bunga tabiatdagi injiqliklar bilan bir qatorda aholi turmush sharoitidagi muammolar ham sabab boʻlyapti. Tan olish kerak, yurtdoshlarimiz ayniqsa, elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminotidagi uzilishlardan eʼtirozdalar. Bu esa tabiiyki, turli koʻrinishlardagi noroziliklarni yuzaga keltirmoqda. Shu yilning 10-dekabr kuni kechki soat 19:20 da Andijon shahrining “Hamdoʻstlik” MFYda istiqomat qiluvchi bir guruh xotin-qizlar ham viloyat markazidagi eng gavjum hududlardan biri boʻlgan “Oʻzbekiston” koʻchasi  bilan “Bobur” shohkoʻchalari kesishmasidagi yoʻlning qatnov qismini toʻsishga urindilar. Voqea joyiga viloyat hokimining oʻrinbosari Ibrohimjon Xolmatov bilan Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarovlar yetib keldi. Aholining elektr energiyasi va tabiiy gazdagi uzilishlardan boʻlgan eʼtirozlari shu vaqtning oʻzida mutasaddi idoralar - “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali va “Andijon HETK" AJ masʼul xodimlari ishtirokida oʻrganildi. Xoʻsh, mutasaddilar vaziyatga qanday baho beradilar?

Elektr energiyasidagi uzilishlarga ortiqcha isteʼmol xarajati sabab boʻlgan

“Andijon HETK” AJning maʼlum qilishicha, ushbu hududda tabiiy gaz taʼminotidagi uzilishlar sabab aholi uyni isitish va boshqa ehtiyojlar uchun elektr energiyasidan foydalana boshlagan. Meʼyordan ortiqcha xarajat  “Tashkilot” elektr uzatish tarmogʻiga ulangan 255-sonli transformator punktining 0,4 kVli havo tarmogʻining “S” fazasida favqulodda uzilish holatiga sabab boʻlgan. Natijada 10 ta xonadon elektr taʼminotisiz qolgan. Shu kuni kechki soat 21:00 da nosozlik bartaraf etilib, aholiga elektr energiyasi yetkazib berila boshlangan.

Nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda

Boʻlib oʻtgan voqea yuzasidan “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali ham munosabat bildirdi. Jumladan, unda shunday deyiladi: “Shu kunlarda Andijon viloyatidagi aholi punktlarini tabiiy gaz bilan taʼminlashda bosimning keskin pasayishi kuzatilmoqda. «Oʻztransgaz» AJ tomonidan taqdim etilgan foksogramma maʼlumotiga koʻra, “Yangiyer” kompressor stansiyasidagi avariya holatlari tufayli  Fargʻona vodiysiga gaz keltiruvchi magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilgan. Shunga koʻra, Andijon viloyati, xususan Andijon shahrining “Hamdoʻstlik” MFY hududida ham gaz taʼminotida uzilishlar yuzaga kelgan.

Shuningdek, “Koʻmakay” gaz taqsimlash shoxobchasidagi “Andijon-1” tarmogʻining tabiiy gaz yetkazib beruvchi quvurlarida tabiiy gaz bosimi 17-20 kg/sm²dan 3 kg/sm² atmosferaga qadar pasayishi natijasida 1,5 mingdan ziyod aholi xonadonlarining gaz taʼminotida ham qiyinchiliklar vujudga keldi. Ayni vaqtda, aholi punktlaridagi gaz taʼminotini tiklash ishlari olib borilmoqda”

Mutasaddi idoralar favqulodda vaziyatlarga nechogʻlik tayyor?

Tan olish kerak, hamma narsa ham biz oʻylagan, rejalashtirgandek amalga oshavermaydi. Ayniqsa, tabiat bilan bogʻliq masalalarda hukm chiqarishga haqqimiz ham yoʻq. Chunki, bu borada favqulodda vaziyatlar har qanday tayyorgarlikni sarosimaga solib qoʻyadi. Shunday ekan, mutasaddi idoralar bunday vaziyatlarga nechogʻli tayyorlar?

-Favqulodda holatlarning oldini olish va yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish uchun  zaxira qurilmalarimiz mavjud,-deydi “Andijon HETK” AJ Matbuot xizmati rahbari Shaxnozaxon Hamidova. – Buning uchun kechayu kunduz faoliyat yuritadigan 32 ta maxsus brigadalar tashkil etilgan. Ularning tarkibiga  27 ta maxsus texnikalar bilan jihozlangan transport vositalari biriktirilgan. Tan olish kerak, bu yil respublikamizda, xususan, Andijon viloyatida iqlimning sovib ketishi natijasida elektr energiyasiga boʻlgan talab 1,5 baravarga ortdi. Oʻtgan  yilning 10-dekabr holatiga  156 mln 727 ming.kVt* soat  elektr energiyasi yetkazib bergan boʻlsak, bu yilga kelib ushbu koʻrsatkich   169  mln 69  ming.kVt* soatga oshdi. 2019-yilning 10-dekabr kuni bir sutkada  15 mln 468 ming  kilovatt/soat elektr energiya olgan boʻlsak, bu yil bu miqdor 17 mln 288 ming. kVt/soatni tashkil etdi.

Tan olish kerak, keyingi yillarda aholining tabiiy gazdan koʻra elektr energiyasiga boʻlgan talabi kun sari ortib bormoqda. Aslini olganda, elektr energiyasidan xonalarni yoritish, zarur moslamalarni, masalan, dazmol, kompyuterni ishlatish maqsadida foydalanish koʻzda tutilgan. Biroq, aholi tomonidan uylarni isitish uchun konditsionerlardan, pol osti issiqlik manbaidan va boshqa isitish moslamalaridan ham foydalanilmoqda. Bu esa tabiiyki, yuqori kuchlanishni yuzaga keltirib, mavjud transformator va elektr tarmoqlaridagi nosozliklarga sabab boʻlmoqda.

Namoyishlarning ham oʻz tartibi bor

Aholi tomonidan uyushtiriladigan namoyishlar aksariyat davlatlarda boʻlib turadi. Xalq oʻz eʼtirozini miting tashkil etish, ochlik eʼlon qilish, ijtimoiy tarmoqlarda munosabat bildirish orqali ifoda etadilar. Biroq, hech bir davlatda bu harakatlar boshqa kimsalar harakatiga xalal bermaydi. Oʻzbekistonda, xususan, Andijon viloyatida fuqarolarning bu kabi namoyishi birinchi marta takrorlanayotgani yoʻq. Muqaddam viloyat hokimligi binosi oldida avtomobillar harakatiga toʻsqinlik qilishga urinish holati yuzaga kelgan boʻlsa  navbatdagi jarayonda ham Bobur shox koʻchasi bilan Oʻzbekiston koʻchalaridagi harakatlar maʼlum vaqt toʻxtab qoldi.  Aholining eʼtirozi oʻrinli, lekin, uni talqin etishda xatolik yuz berdi. Fuqarolar yuzaga kelgan vaziyat borasida dastlab tegishli idoralarga murojaat yoʻllashlari ham mumkin edi. Va holanki, namoyish uyushtirishga urinishdan 10 daqiqa oʻtibgina elektr tarmoqlari idorasiga murojaat yoʻllandi.

Xulosa

Kezi kelganda aytish joiz, respublikamizda tabiiy gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar bugun yoki kecha yuzaga kelib qolgani yoʻq. Esimizni tanibmizki, shu muammo ichida yashayapmiz. Otalarimiz oʻz davrida, garchi, tabiiy gaz tarmogʻiga ulangan boʻlsalarda, koʻmir zaxirasini yaratganlar. Elektr energiyasidagi uzilishlar paytida qoʻllash mumkin boʻlgan vositalar hamisha taxt boʻlgan. Oradan yillar oʻtdi. Sharoit qanchalar yaxshilanmasin ehtiyoj ham shunga yarasha ortib bormoqda. Sohalarda esa muammolar batamom xal etilgani yoʻq.  Shunday ekan, fuqarolar ham favqulodda vaziyatlarga tayyor turishlari maqsadga muvofiq boʻlardi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi” 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер