Andijonda fuqaroning arizasi eʼtiborsiz qoldirilib, ish “yopdi-yopdi” qilindimi?
Foto: Telegram
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanda bir fuqaro tanishi tomonidan kaltaklangani, oradan 2 oy oʻtganiga qaramay, unga tan jarohati yetkazgan shaxsga chora koʻrilmayotgani haqida yozma murojaat tarqaldi.
Fuqaro murojaatida keltirilishicha, joriy yilning 6-mart kuni Oltinkoʻl tumanidagi avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchasi hududida M.E.ga oldindan tanish boʻlgan I.Z. uni hech bir sababsiz uyatli soʻzlar bilan haqorat qilib, urib burnini sindirgan.
Shundan soʻng jabrlanuvchi Andijon viloyat Shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimiga olib borilgan. Ertasi kuni M.E. holat boʻyicha Oltinkoʻl tumani IIB profilaktika inspektoriga I.Z.ga nisbatan qonuniy chora koʻrilishini soʻrab ariza bilan murojaat qilgan. Biroq mazkur murojaat oradan uzoq vaqt oʻtishiga qaramay qanoatlantirilmagan.
“Mana bugun 13-may, oradan 2 oy 7 kun vaqt oʻtdi, lekin arizam boʻyicha hech qanday chora koʻrilgani yoʻq”, deb yozgan jabrlanuvchi.
Andijon viloyati prokuraturasi holat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga koʻra, M.E.ning murojaat boʻyicha Oltinkoʻl tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, joriy yilning 10-may kuni fuqaro Z.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tuman IIB tomonida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻygan IIB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
“Tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan boʻlib, ishga oid barcha holatlar oʻrganilib qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring