Andijonda aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash qamrovi 85,1 foizga yetdi
Ortda qolayotgan yillar “Andijon suv taʼminoti” MCHJ uchun hamisha zalvorli, masʼuliyatli boʻlgan. Boisi, har bir yilning oʻziga yarasha yuki, past-balandi bor. Jumladan, 2022-yil korxona jamoasi uchun hududlarni suvlashtirish koʻlamini orttirish va isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish yili boʻldi, desak xato boʻlmaydi. Sababi, viloyatda 3 mln. 300 ming nafar aholining 84,2 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan va qolgan 15,8 foizi, yaʼni 521 ming nafar andijonlik taʼminotning muqobil turidan foydalanib kelayotgan edi.
— Yil davomida 767 ming 500 metr ichimlik suv tarmogʻi tortilib, 10 dona suv inshooti va 128 dona suv qudugʻini qurish, taʼmirlash ishlari bajarildi, — deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ bosh muhandisi Humoyun Alimov. — Bu 93,6 ming nafar aholining ilk bor toza ichimlik suvi bilan taʼminlanishiga, 286 ming nafar isteʼmolchining taʼminoti yaxshilanishiga sabab boʻldi. Hozirga kelib aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash qamrovi 85,1 foizga yetdi.
Hududlarni suvlashtirish, shu orqali aholi turmush sharoitini yaxshilashda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarining ahamiyati katta boʻlmoqda. Viloyatda ushbu dasturlar ijrosini taʼminlash doirasida 75,4 mrld. soʻm mablagʻ evaziga 224 ming 700 metr ichimlik suv tarmogʻini oʻrnatish hamda 39 dona suv inshootlarida qurish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
— Bobur nomidagi, Nurli hayot, Shifokor koʻchalarida sobiq ittifoq davrida oʻrnatilgan suv quvurlari chirib, foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgani tufayli uzoq yillar davomida ichimlik suvi taʼminotida uzilishlar boʻldi, — deydi Ulugʻnor tumani Bobur nomidagi MFY hokim yordamchisi Nigoraxon Jabborova. — Bu davr orasida shu uchala koʻchada yashovchi mahalladoshlarimiz 1,5 km masofadan suv tashib kelishlariga toʻgʻri keldi. Bugungi kunga kelib “Orzudagi xonadon” MCHJ tomonidan mahallamizga yangi suv quvuri tortilib, mavjud suv qudugʻida taʼmirlash ishlari bajarildi. Natijada har bir xonadonga “obi hayot” kirib keldi.
Maʼlumotga koʻra, bu yoʻnalishdagi ishlar koʻlami 2023-yil davomida yanada ortadi. Zero, davlatimiz rahbarining shu yil 25-oktyabr kuni qabul qilingan “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori doirasida 473 ta mahalla obodonlashtiriladi. Jumladan, 272 ta obyektda toza ichimlik suvi taʼminotiga doir 250 mlrd. soʻmlik loyiha ishlari bajariladi. Qolaversa, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan ishlab chiqilgan “yoʻl xaritasi”ga muvofiq Andijon viloyatidagi 23 ta mahallada 10,8 km suv quvuri tortiladi, 12 ta nasos oʻrnatilishi bilan 2 yarim mingdan ziyod aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring