Andijon va Fargʻonada chegaradan psixotrop oʻtkazmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi

10:38 12 Mart 2026 Jamiyat
549 0

Videodan kadr

Andijon va Fargʻona viloyatlarida xorijdan olib kelingan sintetik narkotik va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari toʻxtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvda boʻlgan, 2003-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan, Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Nexia-3” avtotransport vositasi Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududidan poytaxt tomon harakatlanib kelgan vaqtida Chilonzor tumanidagi “Erkin” YPX maskanida toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan.

Natijada, avtomashina salonida sof ogʻirligi 4 kilogramm 811 grammni tashkil qiluvchi “Alfa PVP” sintetik narkotik moddasi borligi maʼlum boʻldi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda DXX Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegarasining Andijon viloyati Marhamat tumani “Bobohuroson” MFY hududidan oʻtuvchi qismida qirgʻizistonlik shaxs chegara sim toʻsiqlari ustidan uloqtirgan 1 dona qogʻoz qutini qabul qilib olgan vaqtlarida 1985 va 1987-yillarda tugʻilgan 2 nafar mahalliy fuqaro ushlangan.

Ushbu qogʻoz quti xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning ichida 9988 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi maʼlum boʻlgan.

Hozirda DXX Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер