Andijon mashinasozlik institutida xalqaro anjuman oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
“Oʻzbekistonda biotibbiyot muhandisligi: muammo va istiqbol” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Portugaliya, Latviya, Turkiya, Italiya va Janubiy Koreya oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yurituvchi professor-oʻqituvchilar, mutaxassislar, tadqiqotchilar va magistrantlar ishtirok etdi.
Unda Andijon mashinasozlik instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Portugaliyaning Setubal politexnika universiteti olimlarining mavzuga doir maʼruzalari tinglandi.
— Tadbir davomida sogʻliqni saqlash muassasalarida tibbiyot muhandislarining oʻrni va ularni tayyorlashga qoʻyilayotgan talablar, taʼlim jarayonining oʻziga xos xususiyatlari, biotibbiyotda nanotexnologiyalar, shuningdek, tibbiy uskuna va jihozlarni boshqarish kabi yoʻnalishlarning bugungi kundagi holati, mavjud muammo va ularning yechimlari muhokama qilindi, —deydi Andijon mashinasozlik instituti ilmiy xodimi Xayrullo Vasiyev. —Shuningdek, tibbiy asbob-uskunalarning organizmga davolovchi taʼsirini modellashtirish dasturlarini ishlab chiqish, sunʼiy intellektdan biotibbiyot amaliyotida foydalanish imkoniyatlari, tibbiyot texnologiyalarini boshqarishning dolzarb masalalari kabi sohalar boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Anjuman respublikamizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, buning uchun xorij tajribasini ommalashtirish jihatlari bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Umidjon MAMARASULOV
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring