Amir Temur tavallud topgan kun u barpo etgan saltanat poytaxtida ham keng nishonlanmoqda

14:20 09 Aprel 2026 Jamiyat
289 0

9-aprel kuni xalqimizning buyuk tarixiy siymolaridan biri — Amir Temur tavallud topgan kun. Mazkur sana Sohibqiron saltanatining poytaxti hisoblangan Samarqand shahrida ham keng nishonlandi. Dastlab Amir Temur maqbarasida Qurʼon tilovat qilinib, ulugʻ ajdodimiz xotirasi yod etildi. Marosimda viloyat va shahar hokimligi masʼullari, jamoatchilik vakillari, harbiy xizmatchilar va nuroniylar ishtirok etdilar.

Shundan soʻng ishtirokchilar Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan Sohibqiron haykali poyiga gulchambarlar qoʻyib, unga boʻlgan yuksak hurmat va ehtiromlarini namoyon etdilar. Tadbirlar davomida Amir Temurning boy tarixiy merosi, davlat boshqaruvidagi oʻrni hamda ilm-fan va madaniyat rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi alohida eʼtirof etildi.

Shuningdek, mamlakatimiz boʻylab eʼlon qilingan “Amir Temur oyligi” doirasida Samarqand viloyatida ham keng koʻlamli ilmiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Xususan, Samarqand davlat pedagogika institutida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Germaniya va Xitoydagi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari professor-oʻqituvchilari, tarixchi olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Konferensiya davomida ishtirokchilar buyuk jahongirning faoliyati, kuchli markazlashgan davlat barpo etish yoʻlidagi harbiy salohiyati, siyosiy va iqtisodiy tafakkuri haqida maʼruzalar qildi. Samarqand va boshqa shaharlarda bunyod etilgan madrasalar, bu muassasalarda oʻz davrining yetuk olimlari saboq bergani, Sohibqiron dunyoning turli oʻlkalaridan nafaqat usta va hunarmandlar, balki ilm ahlini ham oʻz mamlakatiga chorlab ularni qoʻllab-quvvatlagani haqida tarixiy manbalar asosida soʻz yuritildi.

Anjuman yakunida Temuriylar davri merosini chuqur oʻrganish, uni zamonaviy taʼlim tizimiga integratsiya qilish va xalqaro miqyosda keng targʻib etish yuzasidan taviyalar ishlab chiqildi.

Ushbu sana munosabati bilan viloyatning barcha taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari va anjumanlar davom etmoqda.

Sohibqiron siymosi bugungi kunda ham milliy oʻzlikni anglash, tarixiy xotirani tiklash va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер