“Al-Nasr” va Krishtianu Ronaldu chempionlikka yaqin

08:30 14 Aprel 2026 Sport
200 0

Krishtianu Ronalduning Saudiya Arabistoniga koʻchib oʻtganiga 4-yil boʻldi. Bundan roppa-rosa 1201 kun oldin “Al-Nasr” klubi olamshumul transferni amalga oshirgan edi.

Ronaldu va klub oʻrtasida tuzilgan shartnoma moliyaviy jihatdan eng yirik shartnomalardan biri ekani hech kimga sir emas. Krishtianu ushbu jamoada yiliga 250 million yevroga yaqin maosh olmoqda. Solishtirish uchun, uning “Real Madrid” va “Yuventus”dagi maoshi 30 million yevro atrofida boʻlgan.

Moliyaviy jihatdan hammasi joyida. Oʻz navbatida klub ham Ronaldu transferidan koʻzlangan asosiy maqsadlariga allaqachon yetib boʻlgan, desak xato boʻlmaydi. Ammo jamoa muxlislari hali hamon Ronaldudan norozi. U kelganidan beri “Al-Nasr” biror marta Saudiya Arabistoni Pro Ligasida chempion boʻla olmadi.

Bu holat bevosita Ronalduning kayfiyatiga ham taʼsir oʻtkazmoqda deyish mumkin. Ronaldu maksimalist futbolchi. U har bir oʻyinda gʻalaba qozonishni istaydi. Uni Saudiyaga faqat pul ishlash uchun kelgan deyish notoʻgʻri. Agar shunday boʻlganida, u jamoasi bilan bu qadar koʻp konfliktlarga bormasdi.

Darvoqe, Ronaldu Saudiyaga koʻchib oʻtgach, u bilan bogʻliq bir qator muammolar ham kuzatildi. Dastlab stadionda muxlislar bilan tortishuvlar boʻldi. Raqib futbolchilar provokatsiyalariga uchib, qizil kartochka olgan holatlar ham uchradi. Shuningdek, u intervyularida Saudiyadagi maydonlar holati, hakamlik, VAR tizimi, klubning ichki ishlari hamda mamlakatning asosiy grantlaridan biri boʻlgan fond “Al-Nasr”dan koʻra “Al-Hilol”ga koʻproq eʼtibor qaratayotganini tanqid qildi.

Demak, jamoa sovrin yuta olmayotgani nafaqat muxlislarga, balki Krishtianuning oʻziga ham yoqmaydigan holat.

Ayni paytda “Al-Nasr” Saudiya Arabistoni Pro Ligasida 28 turdan soʻng 73 ochko bilan peshqadam boʻlib turibdi. Jamoa oʻzining asosiy raqibi “Al-Hilol”dan 5 ochkoga ilgarilab ketgan. Turnir yakunlanishiga 6 tur qolganini hisobga olsak, bu ustunlik chempionlik masalasi deyarli hal boʻlganday koʻrinishi mumkin. Ammo vaziyat u qadar oson emas.

“Al-Nasr”ni oldinda juda murakkab taqvim kutmoqda. Jamoa 28-aprel kuni “Al-Ahli”ni qabul qiladi. Oradan 4 kun oʻtib “Al-Qadsiya” mehmoni boʻladi. Shuningdek, yana 5 kundan keyin eng muhim oʻyinlardan biri — azaliy raqib “Al-Hilol”ga qarshi bahs oʻtkazadi.

Koʻrinib turibdiki, “Al-Nasr” uchun hal qiluvchi bosqich endi boshlanmoqda. Shu bilan birga, Simone Inzagi boshqarayotgan “Al-Hilol” taqvimi ancha qulay — ular soʻnggi turlarda “Al-Nasr”dan tashqari TOP-7 jamoalariga qarshi oʻynamaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер