Al-Aqso masjidi 31-may kuni ochiladi
Musulmonlar uchun uchinchi eng muqaddas joylardan biri Quddusdagi Al-Aqso masjidi 31-may kuni namozxonlar uchun ochiladi.
Bu masjid ham koronavirus tufayli ikki oydan koʻproq muddat davomida yopiq boʻlgandi.
Islomiy vaqf tashkiloti aʼzosi Halil Assalining aytishicha, Al-Aqso masjidiga keluvchi musulmonlar sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan bir qator xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlari kerak boʻladi.
Qoidalar joriy etilgan boʻlsada, rasmiylar, masjidda odamlar toʻlib-toshishidan xavotirga tushmoqda.
“Biz vaqf tashkiloti qoʻriqchilariga masjid hududi, xususan darvozalar oldida odamlar juda koʻpayib ketmasligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdik”, deydi Assali.
Al-Aqsoning restavratsiyasi uchun tuzilgan fond rahbari Vasfi Hoshimiy masjidda odamlarning xavfsizligini taʼminlash uchun barcha tayyorgarlik koʻrilganini taʼkidladi.
«Al-Aqsoning barcha hududi dezinfeksiya qilindi va odamlar ibodat paytida bir-biridan masofa saqlashlari uchun aylana shaklidagi chegaralar chizildi» deydi Hoshimiy.
Ushbu masjidga kelgan namozxonlar ijtimoiy masofalanishdan tashqari yuz niqoblari va qoʻlqop taqishlari hamda oʻzlari bilan birga joynamoz olib kelishlari kerak boʻladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring