Axborot xizmatlarining faoliyati talab darajasidami?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyati boʻlimi tomonidan Qumqoʻrgʻon tumanida “Axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini taʼminlash – ochiqlik va oshkoralikning bosh mezoni” mavzuida koʻrgazmali oʻquv-seminar oʻtkazildi. Unda shahar va tumanlar hokimligi axborot xizmatlari rahbarlari, mahalliy va markaziy OAV vakillari ishtirok etdi.
Xoʻsh, bugun fuqarolarimizning axborot olish huquqlari taʼminlanyaptimi? Boshqaruv idoralari, mahalliy hokimliklarning axborot xizmatlari OAV bilan qay darajada hamkorlik qilmoqda? Jamiyat hayotidagi islohotlar, tub oʻzgarishlardan keng aholi qatlami xabardormi? Media makondagi yangi talablarga axborot xizmatlari faoliyati mosmi? Ijtimoiy tarmoqlar orqali hokimlik va boshqaruv idoralariga yoʻllanayotgan murojaatlari oʻz yechimini topyaptimi? Oʻquv-seminarda shu kabi masalalar muhokamalar markazida boʻldi.
Ayshtish joizki, Prezidentimizning joriy yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi faoliyatni samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Birgina Surxondaryo viloyatida 15 ta mahalliy hokimlik hamda 23 davlat va jamoat tashkilotida axborot xizmati tashkil etildi. Hududlar va tizimdagi ish-faoliyat haqida jamoatchilikni tezkor xabardor etish, OAV va aholi qatlami bilan axborot almashish borasida hamkorlikni mustahkamlashda yangi imkoniyatlar yuzaga kelyapti.

Tadbir ishtirokchilari Qumqoʻrgʻon tumani hokimligi axborot xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ham ega boʻlishdi. Bugun axborot xizmati samarali faoliyat olib borishi uchun qanday sharoitlarga ega boʻlishi kerak, degan savolga shu yerda javob topish mumkin. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlangan axborot xizmati hokimlik faoliyati, hududdagi eng muhim yangiliklar haqida tezkor xabarlarni jamoatchilikka yetkazishni oʻz zimmasiga olgan. Ayni maqsadda elektron, ijtimoiy tarmoqlar va bosma nashrlar bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
- Media makondagi bugungi oʻzgarishlar OAV hamda axborot xizmatlari oldiga yangi talablarni qoʻymoqda, - deydi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boʻlimi rahbari S. Salomov. – Fuqarolarimizning axborot olishga boʻlgan huquqlarini taʼminlash, voqeliklar haqida aniq va xolis, tezkor maʼlumotlarni taqdim etishda axborot xizmatlari ancha faol boʻlishlari lozim. Zero, bugun odamlarimizning zehniyati, dunyoqarashi ancha kengaygan. Ular jamiyatdagi har bir voqea-hodisaga befarq emas. Shunday ekan, axborot xizmaalari faoliyati yangi davr talablariga mos boʻlishi, axborot almashinuvi jarayonida muhim koʻprik vazifasini oʻtashi darkor.
Oʻquv-seminar davomida “Axborot xizmati: yang yaxshi amaliyot namunalari”, “Televideniye: kecha va bugun”, shuningdek, bosma nashrlarda anʼanaviy va yangicha yondashuvlar, internet jurnalistikasining ilgʻor amaliyotlari haqida maʼruzalar tinglandi, interfaol oʻyin, bahs-munozaralar uyushtirildi.
Ilhom Rahmatov,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring